O‘zbekiston va Hindiston: oliy darajadagi uchrashuv tafsilotlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunlandi. Mo‘ljallar va rejalar ulkan.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha OAV vakillari uchun bayonotdan olingan asosiy fikrlar quyida havola qilinadi.
— Ochiq ruhda kechgan muloqotlar davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, yuksak hurmat va o‘zaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi;
— Hindiston bizning jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor va nufuzga ega bo‘lgan salohiyatli strategik sherigimizdir;
—Hamkorligimiz yangi sifat darajasi – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi;
— Kelishuvlarimizning ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida Tashqi ishlar vazirlari darajasida alohida mexanizm yaratishga qaror qildik;
— O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollardan ortdi, 2030-yilga qadar ushbu raqamni 5 milliardga yetkazmoqchimiz;
— Hukumatlararo qo‘shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini yanada jadallashtirishga kelishdik;
— Energetika, o‘ta muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik kuchaytiriladi;
— BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRICS kabi nufuzli tuzilmalar va Global Janub doirasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni bundan keyin ham davom ettiramiz;
— O‘zbek va hind xalqlarini bir necha ming yillik tarixiy, madaniy va ma’rifiy ildizlar chambarchas bog‘lab turadi;
— O‘zaro madaniyat haftaliklari, kinofestivallar va boshqa yirik tadbirlarni o‘tkazish bilan birga yangi qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ham ishga tushiramiz;
— 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilishi o‘zaro qatnovlarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi;
— Qabul qilingan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida keng qamrovli «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi.
O‘zA