O‘zbekiston va Gruziya turizmni media orqali birgalikda targ‘ib qiladi
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endi ikki mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati hamda zamonaviy turizm imkoniyatlari xalqaro auditoriyaga qo‘shma media loyihalar orqali keng targ‘ib etiladi.
Bu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida amalga oshirilgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda Gruziya Jamoat teleradiokompaniyasi bosh direktori Tinatin Berdzenishvili bilan turizm salohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish, qo‘shma media mahsulotlar yaratish va axborot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Gruziyaning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy merosi, milliy taomlari, go‘zal tabiati, uzumchilik va vinochilik an’analari hamda Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasiga oid boy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon jamoatchiligiga namoyish etish muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi mashhur turistik markazlar, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlarini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan maxsus teledasturlar, hujjatli filmlar, reportajlar va raqamli videokontentlar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi. Bunday loyihalar har ikki mamlakatning turistik brendini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, gruziyalik jurnalistlar, telejurnalistlar, ijodiy guruhlar va mashhur blogerlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab info-turlar tashkil etish rejasi ham ko‘rib chiqildi. Bu tashriflar orqali mamlakatning turistik salohiyatini bevosita namoyish etish va xalqaro auditoriyaga ishonchli axborot yetkazish maqsad qilingan.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, turizmga oid videomateriallar, teleloyihalar va ko‘rsatuvlarni o‘zaro almashish, ularni milliy telekanallar hamda raqamli platformalar orqali targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Bundan tashqari, turizm forumlari, xalqaro ko‘rgazmalar, madaniy festivallar va boshqa yirik tadbirlarni birgalikda yoritish orqali O‘zbekiston va Gruziyaning sayyohlik jozibadorligini yanada oshirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Mazkur hamkorlik nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va zamonaviy turizm imkoniyatlarini xalqaro media makonida keng targ‘ib qilishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA