O‘zbekiston va Gruziya: madaniy diplomatiya yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Madaniyat xalqlarni birlashtiradigan, davlatlar o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikni mustahkamlaydigan eng ta’sirchan vositalardan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlikka alohida e’tibor qaratayotgani mamlakatning tashqi madaniy siyosatida muhim o‘rin egallamoqda. Bu borada Gruziya bilan rivojlanayotgan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida Gruziya Madaniyat vazirligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladigan muhim muloqotlardan biri bo‘ldi.
Uchrashuvda kinematografiya sohasida hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma badiiy va hujjatli filmlar yaratish, teatr jamoalarining o‘zaro gastrol safarlarini tashkil etish hamda qo‘shma spektakllarni sahnalashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Bu tashabbuslar nafaqat madaniy almashinuvni kengaytiradi, balki ikki xalqning tarixi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarini keng jamoatchilikka tanitishga ham xizmat qiladi.
Muzokaralarda o‘zbek milliy maqom san’ati hamda gruzin milliy musiqasi ishtirokida qo‘shma konsert dasturlarini tashkil etish, shuningdek, raqamli madaniyat yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bugungi raqamli davrda madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali targ‘ib qilish, uni yosh avlodga yetkazish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan qator madaniy tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, Tbilisi shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari» hamda Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilgan «Gruziya madaniyati kunlari» madaniy diplomatiyaning samarali namunasi sifatida e’tirof etildi. Bunday tadbirlar orqali xalqlar bir-birining san’ati, adabiyoti, musiqasi va milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Tomonlarning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklari esa o‘zaro munosabatlarning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishidan dalolat beradi. Bu dastur kelgusi yillarda yangi ijodiy loyihalar, festivallar, ko‘rgazmalar va madaniy almashinuvlarni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Rasmiy tashrif doirasida vazir Ozodbek Nazarbekovning Gruziyaning mashhur «Erisioni» davlat akademik xalq qo‘shiq va raqs ansambli faoliyati bilan tanishgani ham ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. 1885-yilda tashkil etilgan mazkur ansambl milliy qo‘shiqchilik, betakror xoreografiya va boy milliy liboslari bilan dunyo miqyosida yuksak e’tirof qozongan.
O‘zbekiston va Gruziyani azaldan boy tarix, qadimiy sivilizatsiya, milliy qadriyatlarga hurmat hamda madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan intilish birlashtirib turadi. Shu bois, madaniyat sohasidagi hamkorlik nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki xalq diplomatiyasini rivojlantirish, turizmni kengaytirish va ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA