O‘zbekiston va Germaniya: tomonlar strategik xomashyo bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Mamlakatimizda strategik mineral resurslarni o‘zlashtirish, ularni chuqur qayta ishlash va ushbu yo‘nalishga zamonaviy texnologiya hamda investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil rivojlantirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Germaniyaning “Mangold Consulting GmbH” kompaniyasi raisi Klaus Mangold boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida mamlakatimizning strategik mineral resurslar sohasidagi salohiyati, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va istiqbolli loyihalar haqida fikr almashildi. Xususan, O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining faoliyati, texnologik metallarni o‘zlashtirish va mineral xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuvda Germaniya tomoni ham “O‘zbekiston-Germaniya xomashyo muloqoti” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Unda “Mercedes-Benz AG” kompaniyasi vakillari ishtirok etib, strategik xomashyo ta’minoti, sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z yondashuvlarini taqdim etdi.
Tomonlar O‘zbekistonning mineral-xomashyo salohiyatidan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda strategik resurslarni qayta ishlash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni atroflicha ko‘rib chiqdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar yakunida strategik xomashyo va tog‘-kon sanoati sohasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini birgalikda o‘rganish, investitsiyaviy tashabbuslarni shakllantirish hamda o‘zaro muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA