O‘zbekiston va Daniya: ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayadi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Daniya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Lars Tuyesen bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oliy Majlis Senati va Daniya Folketingi (parlamenti) o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, o‘zaro tashriflar va muloqotlarni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
Ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Xususan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, Daniya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarga jalb etish, energetika, kommunal infratuzilma, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va kasbiy ta’lim sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlandi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova, O‘zA