O‘zbekiston va Belarus yoshlar parlamentlari hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika kengashi huzuridagi Yoshlar kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi doirasida o‘tkazilgan majlis “Teng imkoniyatlar – barqaror taraqqiyot asosi: inklyuziv ta’lim, qo‘shma tashabbuslar va yoshlar hamkorligi” mavzusiga bag‘ishlandi.
Ikki mamlakat yosh parlamentariylari jamiyat va davlat boshqaruvida yoshlar ishtirokini kengaytirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda ikki mamlakat yoshlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish masalalariga e’tibor qaratdi.

Xususan, inklyuziv ta’limda yoshlar parlamentlarining o‘rni, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, professional ta’lim va yoshlar bandligini ta’minlash, mehnat migratsiyasi jarayonlarida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Majlisda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova, Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika kengashi huzuridagi Yoshlar kengashi raisi Alina Retkova yoshlar parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy loyihalar bilan mustahkamlash, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun teng imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidladi.

Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzuridagi yoshlar tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, madaniy, sport va ijodiy tadbirlarda barcha yoshlarning teng ishtirokini ta’minlash bo‘yicha erishilgan tajribalarning taqdimotlari o‘tkazildi.

Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti va Belarus Respublikasi Milliy majlisi huzuridagi Yoshlar kengashining 2026 - 2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.
N.Abduraimova,
B.Saidov (surat), O‘zA