O‘zbekiston – Turkiya: hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi, “O‘zbekiston - Turkiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi hamraisi Alisher A’zamxo‘jayev Turkiya Respublikasi “Buyuk Birlik” partiyasi raisi Mustafo Destiji bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalari natijasida O‘zbekiston - Turkiya hamkorligi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Keyingi yillarda do‘stona aloqalar, shu jumladan, parlamentlararo muloqot barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotir.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, joriy yil aprel oyida Istanbul shahrida Oliy Majlis Senati va Turkiya Buyuk Millat Majlisi o‘rtasida imzolangan “2026 - 2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” bandlarini bajarishda hamkorlik qilishga kelishildi.
N.Abduraimova, O‘zA