O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida xalqaro standartlar joriy etiladi
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda AQSHning xalqaro WRAP sertifikatlashtirish tizimi tashkiloti hamkorligida respublika to‘qimachilik sanoati korxonalari uchun onlayn formatda o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish, ularni xalqaro bozorlarda talab etiladigan standartlar bilan tanishtirish hamda WRAP sertifikatini olish tartiblari yuzasidan tushuncha va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida WRAP (Worldwide Responsible Accredited Production) sertifikatining mazmun-mohiyati, uning xalqaro savdodagi ahamiyati hamda ishlab chiqarish jarayonlarida ijtimoiy va ekologik me’yorlarga rioya etilishini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, WRAP — ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsiz, qonuniy, insonparvar va etik tamoyillar asosida tashkil etilganini tasdiqlovchi mustaqil xalqaro sertifikatlashtirish tizimi hisoblanadi. Ayniqsa, kiyim-kechak, poyabzal hamda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun mazkur sertifikat xalqaro bozorlarda muhim talab sifatida e’tirof etilmoqda.

WRAP sertifikatlashtirish tizimi vakili Hong Mey xonim o‘z ma’ruzasida WRAP sertifikati AQSH va Yevropa bozorlariga kirishda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, dunyoning qator yirik brend va kompaniyalari aynan WRAP sertifikatiga ega korxonalar bilan hamkorlik qilishga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Seminar doirasida eksport jarayonlarini samarali tashkil etish, AQSH bozoriga chiqishdagi talablar, sertifikatlashtirish bosqichlari hamda amaliyotda uchrayotgan tajribalar yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, mahalliy to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalarining bugungi faoliyati, sohada mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglanib, o‘zaro fikr almashildi. Bunday amaliy seminarlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro standartlarga moslashuvini tezlashtirish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda O‘zbekiston mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA