O‘zbekiston – Tojikiston: ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 26-mart kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Tojikiston yetakchisini “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari nafaqat qo‘shni, balki asrlar davomida qondoshu qardosh bo‘lib, bir buloqdan suv ichib, bir havodan nafas olib, yagona osmon ostida bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan, birgalikda yelkama-yelka turib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi.
Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ilm-ma’rifati, munosib amallari bilan millatlararo munosabatlarni yuksak darajada qadrlagan ajdodlarimiz merosi hamisha dunyo hamjamiyati e’tiborida.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ining Mustaqillik monumentida aks etgan ulug‘lar timsoli bugun barchamizga iftixor bag‘ishlaydi. Mamlakatimiz o‘tmishi va kelajagini aks ettiradi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi, el farovonligining yorqin ifodasi sifatida mag‘rur qad rostlagan majmua qoshida ramziy bosh egdi.
Dunyo tamadduniga hamjihatlik bilan hissa qo‘shishni tarannum etgan bobolarimiz ma’rifatini e’tirof etib, ehtirom ko‘rsatdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.
Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Tojikiston madhiyalari yangradi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.
Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida ta’kidladi.
– Biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qildilar hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildilar.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi.
Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda.
2028-yilga kelib, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo zonasini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarni almashish raqamli tizimlarini yo‘lga qo‘yish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu marraga yetishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.
Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Yetakchilar hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, gumanitar, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari – ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yakunda erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.
Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Davlat rahbarlari 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdilar.
Ular doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turar joy majmuasi va savdo ob’ektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Andijon viloyatida sut mahsulotlari, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.
Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Dushanbe shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari taqdimot qilingan loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar.
O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bundan tashqari, hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plami, jumladan:
– Tovar ayirboshlashni oshirish dasturi;
– Sanoat kooperatsiyasi dasturi;
– Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish elektron tizimlarini o‘zaro qo‘llash to‘g‘risida bitim;
– Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Chegaraoldi hududlarda radiochastotalarni o‘zlashtirishni muvofiqlashtirish to‘g‘risida bitim;
– “O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya kompaniyasi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
– “Ye-Permit” axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– 2026-2028-yillarda sanoat va innovatsiyalar sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi;
– 2026-2028-yillarda tog‘-kon sanoati va yangi texnologiyalar sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi;
– 2026-2027-yillarda madaniyat sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
– 2026-2028-yillarda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
– 2026-2028-yillarda agrosanoat majmuida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
– innovatsiya, davlat xizmati, moliya, ta’lim va sud qarorlarini majburiy ijro etish sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Ko‘ksaroy qarorgohida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi yakunlari yuzasidan fikrlari bilan bo‘lishdilar.

Mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston birodar Tojikistonning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, inflyatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish borasida erishayotgan yuksak natijalaridan chin dildan mamnun ekanini ta’kidladi.
Tojikiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir. Mamlakatlarimiz maqsadlari, qarash va intilishlari mushtarak ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlar va hukumatlar, hududlar rahbarlari va ziyolilar darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetdi. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda mamlakatimizda 500 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Transport sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida haftasiga o‘nta aviareys amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti bugungi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari, boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar hamda Davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi davomida masalalarning keng doirasi muhokama qilindi, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari belgilab olindi.
Barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muloqotni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlariga alohida dastur asosida tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirildi.
Shu maqsadda “Oybek – Fotihobod” savdo zonasini tashkil etish tezlashtiriladi, energetika, geologiya, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda ikki milliard dollarlik tashabbuslarni o‘z ichiga olgan Kooperatsiya dasturi amalga oshiriladi.
Tomonlar ushbu loyihalarni ilgari surish uchun Qo‘shma investitsiya kompaniyasining salohiyatidan faol foydalanishga kelishib oldilar.
Transport va tranzit sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Yuk tashishda elektron ruxsatnoma berish tizimini joriy etish to‘g‘risida bitim imzolandi, shuningdek, havo va temir yo‘l transporti qatnovlarini kengaytirish hamda chegara o‘tkazish punktlarining quvvatini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ushbu o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi – biznes va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish drayveri sifatida hududlar salohiyatini ishga solish.
Suv va energetika sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat aloqalarining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
“Yashil” energetika sohasida yirik loyihalarni birgalikda ilgari surish hamda suv taqsimoti, suv inshootlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish masalalarini muvofiqlashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ko‘prigi bo‘lib qolmoqda. Hamkorlik doirasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy do‘stligi haqida film tayyorlandi, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga esa Dushanbe shahri nomi berildi.
Yillik taqvim asosida ta’lim, turizm va yoshlar yo‘nalishlarida faol almashinuvlarni davom ettirish niyati bildirildi.
Ikki mamlakatdagi yirik o‘zbek va tojik diasporalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy markazlarni keng rivojlantirish, ona tili, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash maqsadida Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.
Yakunda ushbu tarixiy tashrif natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlab, birodar mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishi va ravnaqiga har tomonlama xizmat qilishi qayd etildi.
Tojikiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Toshkent shahridagi elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tasmani kesib, diplomatik vakolatxonaning yangi binosini tantanali ravishda ochdilar.


Yetakchilar elchixona va konsullik bo‘limining ma’muriy binolari, elchi qarorgohi, diplomatlar va ularning oila a’zolari uchun turar joylarni o‘z ichiga olgan majmuani ko‘zdan kechirdilar.
Marosim yakunida Prezidentlar Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib, diplomatik vakolatxona hududiga daraxt ekdilar.
Ushbu tadbir O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsertni birgalikda tomosha qildilar.

O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini uzoq o‘tmishga borib taqaladigan munosabatlar, mushtarak ma’naviy va diniy qadriyatlar, an’analar hamda boy madaniy meros bog‘lab turadi.
Har ikki mamlakatda ham asrlar davomida shakllanib kelgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilik an’analari asrab-avaylanib, boyib bormoqda.
Ushbu madaniy tadbir buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Konsert dasturida birodar xalqlarimizning betakror va boy madaniyatini aks ettiruvchi milliy musiqa va sahna san’atining eng sara asarlari ijro etildi.
O‘zbekiston va Tojikiston san’atkorlari hamda ansambllarining birgalikdagi chiqishlari o‘zaro anglashuv, ma’naviy yaqinlik va faol madaniy muloqot ramzi bo‘ldi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA muxbiri