O‘zbekiston texnologiyalari Yaqin Sharq bozoriga qanday chiqadi?
O‘zbekistonning texnologiya sohasi uchun Yaqin Sharq bozori qanday yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin?
Bu savolga Toshkentda o‘tkazilgan «Uzbekistan – Middle East Tech Summit» sammitida javob izlandi. Muhokamalar faqat investitsiya jalb etish bilan cheklanmay, o‘zbek kompaniyalarining yangi bozorlarga chiqishi, texnologiya eksportini kengaytirish va Yaqin Sharq kompaniyalarining O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelishi masalalarini ham qamrab oldi.
«ICT WEEK Uzbekistan 2026» doirasida tashkil etilgan sammit O‘zbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasida texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Tadbir O‘zbekiston texnologik ekotizimini Yaqin Sharq davlatlaridagi investorlar, texnologiya kompaniyalari va institutsional hamkorlar bilan bog‘lash uchun muloqot maydoni vazifasini bajardi. Asosiy maqsadlardan biri — axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini oshirish, mahalliy kompaniyalarni yangi bozorlarga olib chiqish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish.

Bugungi kunda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari xizmatlari eksportining qariyb 5 foizi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Sammitda aynan shu ko‘rsatkichni oshirish, yangi hamkorlar topish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasi va raqamli infratuzilmasiga investitsiyalar jalb etish bo‘ldi. Ishtirokchilar mamlakatdagi mavjud imkoniyatlar, investitsiya loyihalari hamda texnologik biznesni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.

Sammitda Yaqin Sharq texnologiya kompaniyalarining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy kompaniyalarning mahalliy hamkorlar bilan ishlashi, mintaqada biznesini yo‘lga qo‘yishi va keyinchalik kengaytirishi uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston startaplari va axborot texnologiyalari xizmatlarini eksport qilayotgan kompaniyalarning Fors ko‘rfazi davlatlari bozorlariga chiqish istiqbollari ham muhokama qilindi. Eksport, investitsiya va texnologik hamkorlikning yangi mexanizmlari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Sammit dasturidan O‘zbekistonning Yaqin Sharq kompaniyalari uchun texnologik hamkor sifatidagi salohiyati, raqamli infratuzilmaga kiritilayotgan investitsiyalarning amaliy misollari, Markaziy Osiyo startaplari taqdimotlari hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Yaqin Sharq kompaniyalari tajribasiga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin oldi.
Shuningdek, «O‘zbekiston – Yaqin Sharq» texnologik koridorini rivojlantirishga bag‘ishlangan panel sessiyasi, memorandumlarni imzolash marosimi, B2B uchrashuvlar va netvorking tadbirlari tashkil etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA