O‘zbekiston taraqqiyotida yangi sahifa
Mamlakatimizda 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi. Bu davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda yoshlarning rolini yanada kuchaytirish imkonini beradi.
Jamiyatni modernizatsiya qilish jarayonida yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va munosib ta’lim olish orqali jamiyat hayotida faol ishtirok etishi muhimligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mustahkamlangan. Jumladan, yoshlarda zamonaviy iqtisodiyot va tadbirkorlik uchun zarur bo‘lgan yangi ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini joriy qilish, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish imkonini beradigan yoshlar kichik sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish barobarida yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yoshlarning shaxsiy salohiyatini takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy va madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash strategiyaning muhim qismidir. Prezidentimiz yigit-qizlarning o‘zini ijodiy va madaniy jihatdan namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlab keladi. Shu bilan birga, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ajrimlar muammosini hal etish ham O‘zbekiston hukumatining e’tibor markazida. Mazkur yo‘nalishda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan maslahat dasturlari taklif etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining Yangi yil tabrigida bu omillar kuchli iqtisodiyotga erishish va aholi hayotini yaxshilashda muhim ekanini qayd etdi.
Iqtisodiy taraqqiyot
O‘zbekiston iqtisodiyotini 2023-2024 yillarda 5,6-5,8, 2025-2026 yillarda esa 6,2-6,4 foizgacha oshirish kutilmoqda. Bu 2030 yilda aholi jon boshiga YAIM hajmini 4 ming dollarga yetkazish bo‘yicha strategik maqsadga mos keladi.
Xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirib, biznesni kengaytirishda zarur bo‘lgan sarmoyaning ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ilm-fan, innovatsiyalar va IT sohani rivojlantirish, jumladan “yashil” va raqamli texnologiyalarni tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va aholi daromadlarini oshirish ham ustuvor vazifalardan.
Osiyo taraqqiyot bankining tahlillariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi qariyb 5 foizni tashkil etadi. Bu sanoat, qishloq xo‘jaligi sohasi va investitsiyalar oqimi barqarorligidan dalolat beradi. Jahon banki 2023-2025 yillarda O‘zbekiston YAIM 5,5 dan 5,8 foizgacha o‘sishini bashorat qilmoqda. Bu ma’lumotlar yaqin yillarda respublikamiz iqtisodiyoti barqaror bo‘lishiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.
Ijtimoiy ko‘mak
O‘zbekiston hukumati ijtimoiy himoyaga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, 2017 yildan buyon mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 50 foizga qisqardi, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.
2017 yildan buyon ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2,3 million kishiga yetdi va bu davrda 7 barobar oshdi. Inson kapitalini rivojlantirish, jumladan, ta’lim sifatini yaxshilash va malakali yosh avlodni tarbiyalash ham ustuvor maqsadlardan hisoblanadi. So‘nggi olti yilda aholini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’lim bilan qamrab olish esa 9 foizdan 38 foizga oshdi.
Prezidentimiz ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarni yanada oshirish zarurligini bildirdi, bu aholining turmush darajasi va iqtisodiy barqarorligini yaxshilashga hamda ayollar, keksalar va yordamga muhtoj bo‘lgan barcha fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy siyosati xalqaro hamkorlik rivojlantirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni samarali tatbiq etishga qaratilgan. Xususan, 2022-2024 yillarda mamlakatimizda umumiy qiymati 52,15 milliard dollarga teng investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 2024 yilda qiymati 18,2 milliard dollarlik (7,73 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirgan holda) loyihalar ishga tushiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekistonning muhim tashabbuslari, Prezidentimiz tomonidan shu sohada mukofot topshirilishi, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda izchil yuridik va institutsional islohotlarning amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida qonun qabul qilingani, tegishli agentlik tashkil etilgani, davlat organlari faoliyatining ochiq va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan vositalar keng joriy etilayotgani fikrimizga yaqqol misoldir.
Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar davom etadi. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, ijtimoiy barqarorlikni oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan istiqbolli ishlar yanada takomillashadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi hayotni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etiladi.
Abduaziz Xidirov, O‘zA