O‘zbekiston–Suriya biznes forumi bo‘lib o‘tdi (+video)
Suriya Arab Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri Muhammad Nidal ash-Shaar boshchiligidagi rasmiy va 30 dan ortiq yirik kompaniyalar vakillaridan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasi mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekistonning qator yirik sanoat korxonalari faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Kun tartibidagi asosiy voqea — Toshkent shahrida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ishtirok etgan O‘zbekiston–Suriya biznes forumi va B2B uchrashuvlar bo‘ldi. Unda ikki mamlakatning sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, qurilish va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin tadbirkorlari qatnashdi.
Forum doirasida Iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzish to‘g‘risidagi memorandum imzolanib, Biznes kengash tashkil etildi. Shuningdek, Halab shahrida O‘zbekistonning Savdo uyi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda yangi savdo yo‘nalishlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. B2B formatdagi uchrashuvlarda esa ishbilarmonlar aniq shartnomalar tuzish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.
Ziyovuddin Nuriddinov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA