O‘zbekiston Superligasida bugun 21-tur yakunlanadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Mazkur turning "Toshkent derbisi" deya nom olgan "Lokomotiv" – "Bunyodkor" uchrashuvida 2:3 hisobi qayd etildi. Mazkur g‘alaba evaziga "Bunyodkor" musobaqadagi ochkolar sonini 22 taga yetkazib olgan bo‘lsa, "Lokomotiv" 18 ochko bilan qoldi.

Mazkur turda "Metallurg" – "Andijon" bahsida hisob ochilmadi va jamoalar o‘z hisoblariga 1 ochkodan qo‘shib oldi. Natijada “Andijon” hisobidagi ochkolar 22 taga yetdi. “Metallurg” esa 15 ochko jamg‘ardi. 21-turning markaziy o‘yini deya e’tirof etilgan "Neftchi" – "Navbahor" klublari bellashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Mazkur durangdan so‘ng, har ikkala jamoa hisobidagi ochkolar 30 tani tashkil qilmoqda.

“Jar” stadionida o‘tkazilgan "Olimpik" va "Qizilqum" uchrashuvida mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alaba esa poytaxt klubiga muhim 3 ochkoni keltirdi. Superliga jadvalida “Olimpik” 24, “Qizilqum” 23 ochko to‘plab, 22-turga yo‘l oldi.
Bugun, 21 oktyabr kuni milliy chempionatimizning 21-turi yakunlanadi. Ushbu turning so‘nggi o‘yinida “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “OKMK” bilan raqobatlashadi. Uchrashuv “So‘g‘diyona” markaziy stadionida soat 18:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA