O‘zbekiston sharoitida avokado yetishtirish mumkinmi?
Avokado mevasida juda katta miqdorda vitamin Ye bo‘lib, u organizm va hujayralarni viruslardan himoyalaydi. Xotirani yaxshilaydi, yurak faoliyatini normallashtiradi, qon-tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Chunki avokado foydali yog‘ kislotasiga ega. Kaliy moddasi tufayli avokado suv-tuz balansini tartibga solib, streslarga bardoshliroq bo‘lishni ta’minlaydi. Shuningdek, bu meva ayollar organizmiga juda mos bo‘lib, turli parhezlarda ham qo‘l keladi.
Aslida bu mevaning vatani Amerika. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avokado mevasini maxsus issiqxonalarda yetishtirish mumkin. Avakadoning mitti navlari xona sharoitida ham yaxshi o‘sadi. Avokadoni danagidan ham o‘stirish mumkin, lekin bu jarayon uzoq davom etadi va har doim ham muvaffaqiyatga erishish qiyin. Ko‘pincha bunday o‘simliklar meva bermaydi, faqat yashilligi bilan ko‘zni quvontiradi.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonga 272,6 tonna avakado import qilingan. Mazkur mevaning importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 33,2 tonnaga oshgan.
2023 yilda mamlakatimizga eng ko‘p avakado import qilgan davlatlar:
➖ Qozog‘iston – 134,4 tonna
➖ Turkiya – 101,7 tonna
➖ Keniya – 26,7 tonna
➖ Xitoy – 7,4 tonna
➖ Peru – 1,2 tonna
➖ Rossiya – 1,1 tonna
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bir kilogramm avokado yetishtirish uchun 270 litr suv kerak. Suv muammosi keskinlashsa, avokado yetishtirish o‘ta serchiqim mashg‘ulotga aylanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA