O‘zbekiston sambochilarining muvaffaqiyati
Joriy yilning 28-29 avgust kunlari Kipr davlatining Larika shahrida sohil(plyaj) sambosi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati yakunlandi.
Ilk bor o‘tkazilagan mazkur chempionatda o‘g‘il bolalar 58 kg, 71 kg, 88 kg, +88 kg.da bahslashgan bo‘lsa, xotin-qizlar 50 kg, 59 kg, 72 kg, +72 kg.da qum ustidagi sambo bellashuvlarida ishtirok etishdi.
Jahonning 15 ga yaqin davlatlaridan sportchilar ishtirok etgan musobaqada hamyurtlarimizdan 88 kg vazn toifasida Oybek Do‘stmurodov munosib natijaga erishdi. U saralash bellashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, sohil sambosi bo‘yicha jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi jahon chempionati bosh hakami, hamyurtimiz Islom Odilov.

Jamoalar o‘rtasidagi bahslarda esa O‘zbekiston terma jamoasi saralash musobaqalarida barcha raqiblaridan ustun keldi. Faqat yarim final musobaqasida rossiyalik raqiblariga yo‘l bergan holda umumjamoa hisobida Ruminiya sambochilari bilan birga 3-o‘rinni egalladi. Rossiya va Ukraina terma jamolari birinchi va ikkinchi o‘rinlardan joy oldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA