O‘zbekiston - Rossiya: iqtisodiy hamkorlikda hududlar va biznesning ahamiyati
Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarida savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish muhim yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu jarayonda xorijiy hamkorlar bilan birga hududlar va korxonalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Rossiya iqtisodiy munosabatlarida savdo-sotiq bilan bir qatorda qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologik hamkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada sohaviy ko‘rgazmalar korxonalar o‘rtasida bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Joriy yil 25-27-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “AgroExpo Uzbekistan-2026” xalqaro ko‘rgazmasi ham qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va salohiyatli xaridorlarga mahsulot hamda texnologiya bilan tanishish, o‘zaro takliflarni muhokama qilish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo hajmi o‘smoqda
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik savdo-sotiq, qo‘shma investitsiyaviy loyihalar va hududlararo aloqalarni qamrab oladi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi o‘sishi hamda sanoatning turli tarmoqlaridagi tashabbuslar ushbu hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 13 milliard dollarga yetgan, O‘zbekiston eksporti 4,4 milliard dollarni tashkil etgan. Tovar ayirboshlash 8,4 foiz, eksport hajmi 12,2 foiz o‘sgan.
2026-yil yanvar-avgust oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 9,2 milliard dollarga yetgan. Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovning aytishicha, yanvar-iyul oylarida savdo hajmi 20 foiz o‘sib, qariyb 7,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Hamkorlik doirasida sanoat loyihalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yil 6-oktabr kuni Farg‘onada o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning 27-yig‘ilishida kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotni qayta ishlash va metallga ishlov berish sohalarida umumiy qiymati 350 million dollar bo‘lgan 17 ta qo‘shma loyihani ishga tushirish rejasi ma’lum qilindi. Shuningdek, 2026-2040-yillarga mo‘ljallangan Ilmiy-texnologik rivojlanish strategiyasi imzolandi.
Iqtisodiy aloqalar savdo va sanoat bilan birga turizm hamda hududlararo hamkorlikda ham namoyon bo‘lmoqda. 2025-yil O‘zbekistonga qariyb 1 million nafar rossiyalik sayyoh tashrif buyurgan. Rossiyaning 80 ga yaqin sub’ekti O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar aloqa o‘rnatgan.
So‘nggi o‘n yilda ikki davlat tovar ayirboshlash hajmi to‘rt milliard dollardan 13 milliard dollargacha o‘sgan, qo‘shma loyihalar portfeli 50 milliard dollardan oshgan. Hududlararo hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biri.
Perm bilan aloqalar rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda sanoat kooperatsiyasi, texnologik tajriba almashish va korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim o‘rin tutadi. Perm o‘lkasi bilan hamkorlik ham shu yo‘nalishda rivojlanmoqda.
Avvalroq Perm hukumati O‘zbekiston Energetika vazirligi bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha ilk yo‘l xaritasini imzolagan. Neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlik hamda yuqori texnologik uskunalar yetkazib berish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ayni sohalardagi tashabbuslar qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va texnologiyani mahalliylashtirish uchun ham imkoniyat yaratadi.
Biznes-missiyalar va bevosita muzokaralar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, tadbirkorlarga bozor talabini o‘rganish, salohiyatli sheriklar bilan tanishish va o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qilish imkonini beradi.
“Delovaya Rossiya” tashkilotining Perm mintaqaviy bo‘limi 2026-yil 19-23-oktabr kunlari mamlakatimizga biznes-missiya tashkil etishini e’lon qilgan. Safar dasturi Perm – Toshkent – Samarqand yo‘nalishini qamrab olgan.
Toshkentda o‘tkazilgan “Perm – O‘zbekiston” biznes-muloqoti doirasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Tadbirkorlarimiz Permga taklif etilgan.
Uchrashuvlar chog‘ida ishtirokchilar zarur ma’lumot almashib, muzokarani davom ettirishga kelishib olgan. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida esa kompaniyalar ehtiyoji muhokama qilinib, tijorat takliflarini o‘zaro taqdim etish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Delegatsiya dasturidan texnologiya parkiga tashrif ham o‘rin olgan. U yerda maishiy texnika, lift, eskalator va sanoat uskunalari ishlab chiqariladi. Tashrif davomida ishlab chiqarish imkoniyati bilan tanishish korxonalar o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik uchun amaliy asos yaratishi mumkin.
“AgroExpo Uzbekistan-2026”: ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar muloqoti
Ishlab chiqaruvchilar va salohiyatli xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun navbatdagi maydon “AgroExpo Uzbekistan-2026” xalqaro agrosanoat ko‘rgazmasi bo‘ladi. Tadbir 25-27-noyabr kunlari Toshkentdagi O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma qishloq xo‘jaligi texnikasi, o‘simlikchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik yo‘nalishlarini qamrab oladi. Tashkilotchilar tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ko‘rgazma stendlarini band qilish va ishbilarmonlik dasturida ishtirok etish imkoniyatini taklif etmoqda. O‘zbekiston fermerlari, agroxoldinglari va qayta ishlash korxonalari uchun tadbir turli ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan tanishish, texnik xususiyatlarni taqqoslash, servis xizmati va yetkazib berish shartlarini muhokama qilish imkonini beradi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur ko‘rgazmada Rossiyadan “Rostselmash”, vazn o‘lchash uskunalarini ishlab chiqaruvchi “Tenzo-M”, “Yaroslavich” kompaniyasi hamda Perm o‘lkasi jamoaviy ekspozitsiyasi ishtirok etadi.
Perm stendida veterinariya preparatlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, yuklagich, traktorga o‘rnatiladigan osma uskunalar va boshqa jihozlar namoyish etiladi. Ishbilarmonlik dasturidan IX Xalqaro parrandachilik forumi, III Milliy fermerlar forumi va nasldor chorva mollari auksioni o‘rin olgan.
Ko‘rgazma doirasidagi uchrashuvlar mahsulot yetkazib berish shartlarini muhokama qilish, uskunalarni mahalliylashtirish va qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha imkoniyatni o‘rganishga ham sharoit yaratadi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi hamkorlik hamda “AgroExpo Uzbekistan-2026” kabi sohaviy tadbirlar ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday tashabbuslar yangi sheriklar topish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirish uchun zamin yaratadi. Sa’y-harakatlar samarasi esa erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasida namoyon bo‘ladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA