O‘zbekiston Respublikasining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining kiberxavfsizlik sohasida asosiy strategik maqsad va vazifalari etib belgilandi:
a) maqsadlar:
milliy kiberbarqarorlikni mustahkamlash, muhim axborot va davlat raqamli infratuzilmasini himoya qilish;
kiberxavflarni tizimli kamaytirish hamda fuqarolar, xususiy sektor va davlatning raqamli xavfsizlik darajasini oshirish;
kiberjinoyatchilikka qarshi faol kurashish;
kiberxavfsizlik sohasida raqamli innovatsiyalar, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va texnologik mustaqillikni mustahkamlash;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kibermakonni global tartibga solish jarayonlarida ishtirok etish;
b) vazifalar:
kibertahdidlarga javob qaytarish milliy markazlari va kibertahdidlarni erta aniqlash hamda ular haqidagi ma’lumotlarni tezkor almashish tizimlarini tashkil etish;
raqamli identifikatsiya, autentifikatsiya va foydalanishni boshqarish milliy infratuzilmasini, shuningdek, mahalliy dasturiy va apparat yechimlarini rivojlantirish;
ma’lumotlarni himoya qilish, xususiy sektorning mas’ulligini oshirish va kiberhodisalarga munosabat bildirish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va standartlarni joriy qilish;
raqamli kriminalistika imkoniyatlarini va huquqni muhofaza qilish organlarining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari salohiyatini oshirish;
xalqaro kibermashg‘ulotlar, bitimlar va kiberhodisalar qo‘shma tekshiruvlarida ishtirok etish.
Farmon bilan:
a) O‘zbekiston Respublikasining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi;
b) O‘zbekiston Respublikasining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari Strategiya hamda "Yo‘l xaritasi"da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
2026-yil 1-apreldan e’tiboran:
a) Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida tegishli tarkibiy bo‘linmalar negizida amaldagi shtat birliklari doirasida kamida 4 ta shtat birligidan iborat Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limi;
b) quyidagi davlat organlari va tashkilotlarida amaldagi shtat birliklari hamda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul tarkibiy bo‘linmalar tashkil etiladi:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi;
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti;
Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi;
Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi;
Adliya vazirligi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligi;
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi;
Yoshlar ishlari agentligi;
"O‘zbekgidroenergo" AJ.
O‘zA