O‘zbekiston qutqaruv xizmatlari Belarusda tajriba almashdi
O‘zbekiston aeroportlarining parvozlarni yong‘inga qarshi va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmatlari mutaxassislari Belarus Respublikasida kasbiy malakasini oshirib qaytdi.
Mazkur o‘quv jarayonlari Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi universiteti huzuridagi qutqaruvchi-yong‘in o‘chiruvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash xalqaro o‘quv markazida tashkil etildi.

Ta’lim dasturi Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan sertifikatlangan yuqori malakali o‘qituvchilar ishtirokida olib borildi. Mashg‘ulotlar “Parvozlarni qidiruv, avariya-qutqaruv ta’minoti. Parvozlar va aeroport ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash” mavzusini qamrab oldi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida mutaxassislar parvozlarda qidiruv va avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etishning zamonaviy yondashuvlari, aerodromlar hamda aeroport infratuzilmasi ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalarni o‘rgandi. Shuningdek, fuqaro aviatsiyasida favqulodda vaziyatlarga tezkor va samarali javob qaytarishning o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Kurs yakunida ishtirokchilar yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘z kasbiy tayyorgarligini tasdiqlovchi xalqaro namunadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi vakillari Minsk milliy aeroportining parvozlarni qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmati faoliyati bilan tanishib chiqdi. Tashrif davomida ular avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tajribalarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mazkur hamkorlik aviatsiya sohasida xavfsizlikni yanada oshirish, zamonaviy standartlarni joriy etish hamda mutaxassislar malakasini muntazam ravishda yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA