O‘zbekiston – Qirg‘iziston: samarali kechgan tashrif
Deputat fikri
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi samarali yakunlanganini alohida ta’kidlash lozim. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini keng muhokama qildilar.
Mazkur tashrifni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Qirg‘izistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifining mantiqiy davomi, deb atash mumkin. Zero, o‘shanda ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochilgan edi. Shundan beri bordi-keldi aloqalar misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi. Masalan, 2017 yildan beri O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasida 18 ta nazorat punkti ochildi. Bu esa ikki mamlakat fuqarolariga ancha qulaylik yaratmoqda. 2019 yilda 4,6 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga, Qirg‘izistonning esa 1,4 million fuqarosi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu oldingi davrlarga nisbatan ancha ko‘pdir.
Prezident Sadir Japarovning tashrifi davomida esa mana shu kuzatilayotgan o‘sish sur’atlarini izchil davom ettirishga kelishib olindi. Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti juda iliq va do‘stona ruhda o‘tgani barchamizni quvontirdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini keng muhokama qildilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan jiddiy va keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanligini, uning haqiqiy natijalarini o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘zlarida his qilishlari kerakligini alohida ta’kidladi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolanganining o‘ziyoq ushbu tashrif nechog‘lik katta ahamiyatga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Tomonlar tovar aylanmasini ko‘paytirish, korxonalar va biznes sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Qirg‘iziston-O‘zbekiston investitsiya fondini yaratish, transport-kommunikatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, suvdan foydalanish va energetika sohasidagi hamkorlik, chegara masalalarini hal qilish, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda muhim kelishuvlarga erishdi.
Ikki davlat rahbarlari muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonotni qabul qildi. Unga ko‘ra, tomonlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch munosabatlarini faol ravishda rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida kelishib oldi.
Ma’lumki, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivojida parlamentlararo aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. 1991 yildan beri ikki mamlakat parlamentlari vakillarining 20 dan ortiq o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Oliy Majlisda Qirg‘iziston parlamenti bilan, Jo‘qorg‘i Kenges esa O‘zbekiston parlamenti bilan hamkorlik guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezident S.Japarov o‘z tashrifi davomida Oliy Majlis palatalari rahbarlari N.Ismoilov va T.Norboyeva bilan ham uchrashdi. Mazkur uchrashuvlarda tomonlar ikki mamlakat qonunchilik organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish, xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari rahbarlarining o‘zaro tashriflari amaliyotini davom ettirish, qonun ijodkorligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, Oliy Majlis va Jo‘qorg‘i Kenges shafeligida mintaqalararo forumlar o‘tkazish, ikki mamlakat Prezidentlari muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning rolini oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidlar ekan, pandemiya sababli qoldirilgan tadbirlar, shu jumladan, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning Uchinchi yig‘ilishi yaqin orada bo‘lib o‘tishiga umid bildirdi.
Umuman, Qirg‘iziston Prezidentining tashrifi juda samarali yakunlandi. Tomonlar, kelgusida ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirishda xohish ham, intilish ham, siyosiy iroda ham borligini namoyish qildi. Galdagi vazifa mana shu ahdlashuvlarni hayotga to‘liq joriy etishdan iborat. Zero, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda samarali hamkorlikni jadal rivojlantirish ikki qardosh xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Qodir JO‘RAEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi
raisining o‘rinbosari