O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov
Milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adabiyotshunos olim, adib va tarjimon, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Usmonovich G‘afurov 2026-yil 6-iyun kuni 89 yoshida vafot etdi.
I.G‘afurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni filolog – o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1961-yilda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida muharrir sifatida boshlab, keyinchalik uzoq yillar G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qildi.
I.G‘afurovning ijtimoiy faol ijodkor, chinakam ma’rifat fidoyisi sifatidagi yuksak fazilatlari u “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharririning o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan yillarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Filologiya fanlari nomzodi I.G‘afurov ijodiy va ijtimoiy faoliyatni pedagoglik bilan uyg‘un holda olib borib, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti singari nufuzli oliygohlarda talabalarga dars berdi va yuqori malakali filolog hamda jurnalist kadrlar tayyorlashda ham jonbozlik ko‘rsatdi.
I.G‘afurov mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik va parlamentarizm tamoyillarini rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shdi. U O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis deputati hamda Matbuot va axborot qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida samarali ish olib bordi. Yorqin iste’dod, keng bilim va tafakkur egasi bo‘lgan I.G‘afurov o‘zidan boy ilmiy, adabiy-badiiy meros qoldirdi.
Uning 60 yildan ziyod mehnat faoliyati mobaynida hassos adabiyotshunos olim, donishmand adib sifatida o‘zbek adabiyotining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga, xususan, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari ulug‘ adib va shoirlarimiz asarlarining badiiy tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari, kitob va risolalari, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari milliy ma’naviyatimiz xazinasiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
I.G‘afurov insonning qalb kechinmalarini, yuksak gumanistik g‘oyalarni tarannum etadigan badiiy va publitsistik asarlari, adabiy-ma’rifiy mavzudagi filmlar uchun yozgan ssenariylari bilan ham adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirdi. U jahon adabiyotining o‘nlab mumtoz namunalarini, xususan, F.Dostoyevskiy, G.Mopassan, E.Xeminguey, G.G.Markes, J.Joys, Ch.Aytmatov kabi adiblarning mashhur asarlarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, badiiy tarjimachilik sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi. Mohir so‘z san’atkorining serqirra iste’dodi Yangi O‘zbekiston sharoitida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. U mamlakatimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy adabiyotimiz va san’atimizni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar jarayonida umrining oxiriga qadar faol ishtirok etib keldi. I.G‘afurovning xalqimiz, Vatanimiz oldidagi unutilmas xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlandi.
Zahmatkash olim, atoqli adib, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Ibrohim G‘afurovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, S.Saidov, S.Turdiyev