O‘zbekiston Prezidenti saylovi – dunyo OAV e’tiborida
Jahon ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini keng yoritmoqda.
AQSHning mamlakatimizdagi sobiq elchisi Jon Hyorbst so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonda saylov o‘tmishdagiga qaraganda erkin va adolatliroq o‘tdi. Bu mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlardan darakdir. Hech qaysi davlat bir kechada demokratik davlatga aylanib qolmagan”.
“Vashington O‘zbekistonni mintaqadagi muammolarni hal qilishga yordam beradigan yetakchi sifatida ko‘radi”, – deya qo‘shimcha qiladi u.
Saylovni kuzatishda Isroilning oz sonli jurnalistlari, jumladan, “The Jerusalem Post” gazetasi vakillari ham ishtirok etdi. Ular O‘zbekiston Prezidenti saylovini faol yoritdi.
“Mamlakat saylovga yuzlanayotganda diqqat markazida Prezidentlik emas, balki demokratik erkinlik turadi”, – deb yozdi “The Jerusalem Post” gazetasi. “Kuzatuvchilarning aksariyati saylov hamda aholiga yaratib berilgan demokratik erkinlik haqida ko‘proq gapirishdi”.
“Odamlarning saylovga munosabatidan hayratga tushdik. Ko‘pchilik saylovchilar kiyimlariga O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan dumaloq stiker yopishtirib olgan. Undagi “Men ovoz berdim, sizchi?” degan yozuv e’tiborimizni tortdi”, – deb yozadi gazeta jurnalistlari.
Ulug‘bek Mahmirzayev tayyorladi