O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon elchisini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon elchisining samarali faoliyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Oliy va boshqa darajalarda jadal muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishildi: so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi karrasiga oshdi, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 280 ta korxona tashkil etildi, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ta’sis qilindi.

Ayni paytda geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan.

Madaniy-gumanitar almashinuv sohasida ham muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari elchi Guseyn Guliyevga O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordenini topshirdi.


Elchi, o‘z navbatida, uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik bildirdi.