O‘zbekiston Prezidenti Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi Global kinologiya forumi doirasida mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Ian Sondersni qabul qildi.
Божхона маъмуриятчилигини такомиллаштириш, божхона органларининг салоҳиятини мустаҳкамлаш ва ҳуқуқбузарликларга қарши курашиш бўйича амалий ҳамкорликни янада кенгайтириш масалалари муҳокама қилинди.
Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonning savdoni yengillashtirish sohasidagi bir qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.

O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqardi.

Bojxona idoralarining tadbirkorlik subyektlari bilan samarali hamkorligini ta’minlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, ma’muriy to‘siqlar qisqartirilib, korrupsiya xavflari kamaytirilmoqda.

Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorlash doirasida bu masalalarning dolzarbligi ta’kidlandi.
Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish hamda qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.