O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Rossiyada bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5-iyun kunlari amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari “Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo‘l” shiori ostida o‘tadigan 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.
O‘zbekiston yetakchisi jahon iqtisodiyotidagi vaziyat, O‘zbekiston – Rossiya iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi, shuningdek, mamlakatimizni rivojlantirishning bugungi ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tadi.
Tashrif dasturida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish hamda yurtimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimida ishtirok etish ko‘zda tutilgan.