O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga rasman qo‘shildi
O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash bo‘yicha milliy darajada chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) qo‘shilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Orxus konvensiyasi BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasining “Axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va atrof-muhit masalalarida adolatli suddan foydalanish to‘g‘risida”gi konvensiyasidir. Konvensiya 1998 yil 25 iyunda Daniyaning Orxus shahrida Yevropa atrof-muhit vazirlarining 4-konferensiyasida 38 davlat tomonidan imzolangan bo‘lib, insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. U tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik o‘rtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Konvensiyaning maqsadi ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishdan iborat.
Unda davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik so‘roviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur ma’lumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash belgilangan.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilishni ta’minlash, ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha xorijiy hamkor davlatlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA