O‘zbekiston olima ayollari forumidan keyingi o‘ylar...
“Oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratadi”
Shavkat Mirziyoyev.
Onaning jamiyatdagi mavqeyi qancha yuksalsa, millat ham shuncha ko‘tariladi. Qaddini tiklaydi. Millatning intellektual darajasi ortadi. Onalar millat tarbiyachilaridir. Millat muallimlaridir. Agar millat murabbiyining jamiyatdagi nufuzi tushsa, bu millatning tanazzulidan belgi beradi.
Bolasini dunyoga keltirgan ona uning kindigini o‘zi kesgan. Bu yer yuzida birinchi shifokor-jarroh ayol bo‘lganligini anglatadi. Bolasiga alla aytgan ayol bu birinchi shoir, ilk muallim. Farzandiga nima yaxshi-yu, nima yomonligini o‘rgatgan ayol bu ilk tarbiyachi.
Buyuk shaxslarni, buyuk onalar dunyoga keltiradi, ulg‘aytiradi va insoniyatga taqdim etadi. Bunday ulug‘vor vazifani beminnat bajargan zot bu onadir.
Yer yuzidagi onalarga hurmat bajo keltirgan holda olim onalar, millat uchun, jamiyat uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlashni istayman.
Onalik jasoratining yoniga ilm-fanga fidoyilik, ma’rifat va ma’naviyat qo‘shilganda haqiqiy mo‘’jiza sodir bo‘ladi.
Olima ayollarni qadrlash, ularga alohida ahamiyat qaratish, g‘amxo‘rlik qilish jamiyatning eng birinchi darajadagi vazifasi bo‘lishi kerak.
Olima onalar, millat onalari uchun o‘rnak, ibrat namunasi ekanligini unutmasligimiz zarur.
Bugun aynan millat onalarini harakatga keltiruvchi kuch sifatida olima onalar bilim va imkoniyatlaridan, salohiyatidan foydalanishga har qachongidan ham zarurat ortgan.
Bugun biz internet asrida yashayapmiz. Lahzalar ichida butun dunyo ko‘z oldimizda kaftday namoyon bo‘ladi. Eng taraqqiy etgan mamlakatlar, eng qoloq davlatlar haqida ham ma’lumotlar yetarli.
Taraqqiyot va rivojlanish yo‘lini tanlagan millat onalarga, ayniqsa, olima onalarga birinchi darajada e’tibor ko‘rsatishi kerak. Ularni qo‘llab-quvvatlash, yelkasidagi ba’zi bir keraksiz og‘ir yuklarni kamaytirish, g‘amxo‘rlik qilish, ko‘nglini ko‘tarish juda-juda muhimdir.
Onani sog‘lomlashtirmasdan turib, jamiyatni sog‘lomlashtirib bo‘lmaydi.
Onaning ta’siri oila hududi bilan chegaralanmaydi. Allaqachon onaning tarbiya mahsuli jamiyatni harakatga keltiruvchi mexanizmga aylangan.
Millatimiz tarixida muhim o‘rin tutgan olima onalar nomini ulug‘lash borasida ham qilinishi zarur bo‘lgan ishlar bor, albatta.
Buyuk muhandis Imom al-Buxoriyning o‘qishi uchun Makkaga olib borgan onaning jasorati, mashaqqati, qahramonligi, tarixiy xizmati qaysi akademikdan, qaysi Nobel mukofoti laureatidan kam?
Abu Ali ibn Sinoni dunyoga keltirgan, tarbiyalagan onani bemalol jahon tibbiyotining onasi, deb ta’riflasa arziydi.
Beruniyning onasi, Alisher Navoiyning onasi, Mirzo Ulug‘bekning onasi... Mening nazarimda, yer yuzidagi birinchi olima onalardir.
Olima onalarning jamiyatga qanchalik kerakligini, zarurligini isbotlash uchun yana qancha misol kerak?
Bugun O‘zbekistonda xotin-qizlar haq-huquqlarini to‘la ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish va mustahkamlash borasida ulkan islohotlar olib borilmoqda.
Bu keyingi yillarda millatning intellektual darajasi ancha o‘sganida, tarbiyachi, olima onalarimiz jamiyatni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan farzandlarni ulg‘aytirayotganida ham namoyon bo‘lmoqda.
Toshkentda boshlangan olima ayollar forumi haqida o‘qib, eshitib, ko‘nglimdan shunday o‘ylar o‘tdi.
Forumda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva olima ayollarga Prezidentimizning salom va tabrigini olib kelganining o‘zi ham olima onalar jamiyat va davlat uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatmoqda.
Saida Mirziyoyevaning facebook sahifasida e’lon qilingan mana bu fikrlar e’tiborimni o‘ziga tortdi:
"Bugun O‘zbekiston olima ayollari forumida Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar kunini nishonlayapmiz. Mamlakatimizda ilm-fan sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor ahamiyatga ega ekanidan faxrlanaman. Raqamlarning o‘zi aytib turibdi: O‘zbekistonda olimlarning 48 foizi ayollar! Ularning izlanishlari, kashfiyotlari va fidoyiligi ilhom baxsh etadi va ilm-fan ularga, ular esa ilm-fanga kerakligini ko‘rsatadi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan ilm-fan tinchlik va farovonlikka xizmat qiladigan kelajakni bunyod etish yo‘lida birgalikda harakat qilamiz!"
Olima onalar haqida ularning ahamiyati to‘g‘risida bundan o‘tkazib biror bir fikr aytish qiyin.
Har birimiz jamiyatda tutgan o‘z o‘rnimiz, mavqeyimizdan kelib chiqib, o‘qimishli onalar uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga intilishimiz zarur.
Prezident yordamchisining mazkur forumda ishtirok etib, olima onalarni qutlashi bu borada olib borayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimiz, vazifalarimizni belgilab olishimiz shartligini yana bir marta anglatdi.
Gulmira Keldiyorova, Samarqand davlat universiteti dotsenti:
– Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston olima ayollari forumida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Forumda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning ishtirok etishi va qatnashchilarni samimiy qutlashi biz, olima ayollarni yanada ruhlantirdi. Prezidentimizning bizga ko‘rsatayotgan e’tibor va ehtiromidan boshimiz osmonga yetdi. Bu forum butunlay rasmiyatchilikdan yiroq bo‘lib, olima ayollarning muloqot maydoniga aylandi. Bunday tadbirlarga juda katta ehtiyoj borligini yuragimdan his qildim. Mening ham kamtarona mehnatim alohida qayd etilib, ilmiy loyiham uchun 410 million so‘m grant mablag‘i ajratilgani kuchimga kuch qo‘shdi. O‘zbekistonday mamlakatda yashayotganimdan, olimlarni qadrlaydigan, ularga mehr ko‘rsatadigan, g‘amxo‘rlik qiladigan Prezidentim borligidan faxrlanaman…

Leyla Belyalova, Samarqand davlat universiteti dotsenti:
– Ayol uchun olimlik martabasini ko‘tarish oson emas. Ba’zida u seni nimalardandir kechishga majbur qiladi. Lekin olima ayollarsiz jamiyatni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunday jamiyat yo qurilmaydi, yo tasodifan paydo bo‘lsa-da, uzoq yashamaydi. Olima ayollar nafaqat millatni, mamlakatni, balki dunyoni o‘zgartirishga qodir. Hech qachon olima ayollarga bugungidek e’tibor bo‘lmagan. Birgina o‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, Zarafshon davlat qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimiman. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ishchi guruhi a’zosiman. 2018 yilda BBC tomonidan tuzilgan “Dunyoning eng nufuzli 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritilganman.

Habiba Abdiyeva, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi:
– 2024 yilda doktorantlar o‘rtasida Prezident stipendiyasiga sazovor bo‘ldim. Muddatidan oldin PhD dissertatsiyasini himoya qildim. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Buning uchun menga barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Samarqand davlat universitetining Biokimyo institutida jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy laboratoriyalar qurildi. Barcha zaruriy uskunalar o‘rnatildi. Buning natijasida ilmiy izlanuvchilar shu yerning o‘zida barcha tadqiqotlarni olib bora oladi. Xalqaro tajriba o‘rganish uchun dunyoning xohlagan mamlakati eshigi biz, o‘zbekistonliklar uchun ochiq...

Muhtaram Yoqubova, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi:
– Qiymati 200 ming AQSH dollar bo‘lgan Germaniyaning DAAD grantini qo‘lga kiritganman. Buning natijasida Gyotingen, Myunxen, Bon, Marburg, Mamberg universiteti va Avstriyaning Vena Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. Mazkur grant doirasida SamDU ning 2 tadqiqotchisi PhD dissertatsiyasini himoya qildi. 10 dan ortiq talaba va magistrantlar Germaniyada stajirovka o‘tadi. Men Germaniyada bo‘lganimda hamkasblarim mendan O‘zbekiston, Samarqand haqida qiziqib so‘rashadi. Ular Samarqandni ko‘rishni orzu qiladi. Ayniqsa, 2024 yilda Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga kelishi, martabali mehmonning Prezidentimiz tomonidan Registonda kutib olinishi tarixiy voqeadir. O‘sha kunlarda Yevropa matbuoti bu haqida juda ko‘p material va ma’lumotlar e’lon qildi. O‘zbekistonda bugun xotin-qizlar uchun ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish borasida birorta to‘siq yo‘q. Ularning barchasini Prezidentimiz olib tashladi. Olima ayollarga berilayotgan bugungi e’tibor, allaqachon o‘z mevalarini bera boshladi…

Dilfuza Umarova, Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi:
– Men QS reytingda top-574 o‘rindan joy olgan Vengriyaning Debrecyen universiteti doktoranturasida (PhD) o‘qish uchun ajratilgan grantni qo‘lga kiritdim. Bugun O‘zbekiston yoshlari xorijdagi to‘g‘ri kelgan oliy o‘quv yurtida emas, balki reytingi yuqori, nufuzi baland ta’lim markazlarida o‘qimoqda, izlanishlar olib bormoqda. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan asos solingan ochiqlik siyosatining mevasidir. Olis Vengriyada oilam bilan yashayotgan bo‘lsam-da, yuragim doimo O‘zbekistonda.
Olima ayollarimizning yuqoridagi fikrlarini o‘qib, ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, quvonamiz. Bu borada olima ayollarimizdan qarzdor ekanligimizni ham bilamiz.
Olima ayollarimiz nafaqat gumanitar fanlar, balki aniq fanlar rivojiga ham munosib hissa qo‘shayotganliklaridan faxrlanamiz. Prezidentimiz o‘qimishli onalar deganda birinchi navbatda, olima ayollarimizni nazarda tutgani, ularsiz millatning buyuk kelajagini tasavvur etib bo‘lmasligini ta’kidlagani bejiz emas, albatta. Millatning taqdiri ham, ta’limi ham, taraqqiyoti ham millat onalarining qo‘lidadir. Bu haqiqatni unutishga haqqimiz yo‘q.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.