O‘zbekiston Notarial palatasiga rais saylandi
Bundan 5 yil ilgari, 2019 yil 28 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining ta’sis Konferensiyasi o‘tkazilgan edi.
Mazkur ta’sis Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan 177 nafar saylangan delegatlar ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tashkil etilgan hamda Notarial palataning Ustavi tasdiqlangan edi. Shu bilan birga Notarial palataga kirish va a’zolik badali miqdori, notariuslarning kasb etika qoidalari tasdiqlangan, Notarial palataning Boshqaruv a’zolari, Taftish komissiyasi hamda Notarial palata raisi saylangan edi.
Besh yil mobaynida O‘zbekiston Notarial palatasi oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi. Bugun Toshkent davlat yuridik universitetining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston notariuslarining II Konferensiyasida 128 nafar delegat ishtirok etdi.

Anjumanda delegatlar orasidan Sanoq komissiyasi hamda kotib saylab olindi. Shundan so‘ng Notarial palataning Boshqaruv a’zosi Vohidjon Saatov O‘zbekiston Notarial palatasining I konferensiyasida oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish borasidagi hisobotni o‘qib eshittirdi. Hisobot bir ovozdan qabul qilindi.
Konferensiya kun tartibidagi ikkinchi masala bo‘yicha O‘zbekiston Notarial palatasini 5 yil davomida boshqarib kelayotgan Dilshod Ashurov so‘zga chiqdi va o‘z hisobotida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, tashkil topganiga atigi 1 yil to‘lganida Notarial palata Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘ldi. Notarial palata raisi D.Ashurov 2023 yil fevral XNIning xalqaro notarial hamkorlik komissiya vakili etib, 2023 yil iyul oyida 2024 yil uchun Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari bo‘yicha Kengash prezidenti etib, 2023 yil noyabr oyida XNI Bosh Kengashi a’zosi etib saylandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan XNI a’zolarining 75 tasi, ya’ni 82% bilan O‘zbekiston o‘rtasida yaqindan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, 15 tasi bilan o‘zaro hamkorlik Memorandumlari imzolandi. (Germaniya, Fransiya, Ukraina, Litva, Rossiya, Belorussiya, Xitoy, Mongoliya, Dominika, Braziliya, Meksika, Portugaliya, Urugvay, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Vengriya va h.k.).

Bundan tashqari, O‘zbekiston Notarial palatasi tashabbusi bilan Turkiy tilli davlatlar Notarial palatalari tashkiloti tuzildi va Tashkilotning barcha a’zolari o‘rtasida tegishli hamkorlik Kelishuvi imzoladi.
Xitoy davlati bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida hamkorlik Kelishuvi imzolandi. Ushbu hamkorlik memorandumlari doirasida ilg‘or chet el tajribasini notariat sohasiga joriy qilish bilan birga, O‘zbekiston notariati tajribasini ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shildi.
Xususan, 2023-2024 yillarda Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Xalqaro darajada 3 ta konferensiya va O‘zbekiston notariuslarining 1-Milliy kongressi yuksak saviyada o‘tkazildi. Buning barchasi O‘zbekiston notariat tizimi va uning yetakchisini xalqaro darajada tan olinganligidan dalolatdir.
Bugungi kunda Notarial palata o‘ziga 1113 nafar notariusni jam qilgan bo‘lib, deyarli 99, 3 foiz notarius Yuristlar malakasini oshirish markazida o‘z malakalarini oshirdi. Notariuslar kasbi va tizim nufuzini oshirish borasida ustuvor yo‘l xaritasi belgilab olingan. Stajyorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, stajyorlarning malaka imtihonidan o‘tishi tahlil qilindi. 2024 yilda 60 nafar stajyor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirdi. Shuningdek, huquqshunoslik fakulteti mavjud barcha oliygohlar bilan memorandum imzolagan. “Bo‘lajak notariuslar” klubi muvaffaqiyatli ishlab turibdi. Ulardan 66 foizi notariat sohasida faoliyat olib borishni maqsad qilgan.
Yagona notarial amaliyotni joriy qilish muhim vazifadir. Umumlashtirish bo‘yicha qator seminarlar o‘tkazilib, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqildi va notariuslarga tarqatildi.
Aholining huquqiy ong va huquqiy bilimlarini oshirish, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini samarali o‘tkazish muhim masaladir. Bu borada Dilshod Ashurov amalga oshirilgan keng tadbirlarga, elektron OAV va ijtimoiy tarmoqlarda olib borilayotgan huquqiy targ‘ibot tadbirlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Notariuslar tomonidan aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot tashkil etilganligi, aksiya tadbirlari o‘tkazilayotganligiga e’tibor qaratdi. Ushbu targ‘ibot tadbirlarining respublikamizda faoliyat yuritayotgan elektron va bosma OAVlarda yoritib borilishi haqida aytib o‘tdi.
Delegatlar hisobotni diqqat bilan tingladilar. So‘zga chiqqanlar erishilgan muvaffaqiyatlarni e’tirof etdilar.
Shuningdek, konferensiya qatnashchilari O‘zbekiston Notarial palatasining Taftish komissiyasi raisi Sanjar Tojiddinovning Notarial palataning smetasiga ko‘ra mablag‘larning to‘g‘ri va maqsadli ishlatilishi, mol-mulkning saqlanishi, buxgalteriya faoliyatini yurishda qonunchilikka rioya etilishi borasida hisobotini tingladilar.
Konferensiyada tashkiliy masalalar kun tartibiga qo‘yildi.
Shunga ko‘ra, delegatlar tomonidan bir ovoz bilan 14 nafardan iborat bo‘lgan Boshqaruv a’zolari va Taftish komissiyasi raisi va a’zolari saylandi. Shuningdek, Palata raisi lavozimiga shu kunga qadar notariat tizimini boshqarib kelgan Ashurov Dilshod Rustamovich saylandi.
Bundan 5 yil ilgari o‘tkazilgan Ta’sis konferensiyasida bir ovozdan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining Ustaviga muvofiq, kelgusi besh yilda Notarial palataning vazifalari belgilab olindi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov ham ishtirok etdi.