O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti 90 yoshda
Vatanimiz tarixidagi 14 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1540 yil (bundan 485 yil oldin) – Buxoro xonligi qisqa muddat 3 qismga bo‘lingan davrda Samarqandda 1540 yil mart–sentyabr oylarida hukmronlik qilgan Abdullaxon I vafot etdi. U Samarqandda Registon yaqinidagi Chihil (Chil) Duxtaron qabristonida dafn etilgan. Uning vafotidan so‘ng Samarqanddagi shayboniylar taxtiga ukasi Abdullatifxon o‘tirgan.
1702 yil(bundan 323 yil oldin) – Buxoroni 1680–1702 yillarda boshqargan ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon (1625–1702) olamdan o‘tdi. Hukmronligi davrida u markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun soliqlar miqdorini oshirib, qo‘shinni ko‘paytirdi. Uning davrida Xiva xonligi yana Buxoroga qo‘shib olindi va mintaqada yagona o‘zbek davlati qaror topdi.
Subhonqulixonhukmronligi yillarida, ayniqsa, tibbiyot ilmi va adabiyot rivojlandi. Dorushshifoda bemorlarni davolash bilan bir qatorda ilmiy ishlar ham olib borilgan. Subhonqulixonning tibbiyotga oid kitoblar jamlangan nodir kutubxonasi bo‘lgan. U “Subhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolash”, “Baxtli soatni aniqlashda oy manzillarining mohiyati” nomli ilmi nujumga oid risola yozgan. Hukmdor “Nishoniy” taxallusi bilan she’rlar bitib, saroyda o‘tkazilgan mushoiralarda o‘zi ham she’rlar aytgan.
1908 yil(bundan 117 yil oldin) – ortoped-travmotolog, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor Odil Shokirov tavallud topdi (vafoti 1986 yil). U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib singan suyaklarni mumiyo bilan kompleks davolash usulini amaliyotga tatbiq etdi.
1914 yil(bundan 111 yil oldin) – “Sadoi Fargona” gazetasining shu kungi sonida “Farg‘onada bank ochmoq” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Tarixchi Ravshan Tursunovning yozishicha, mazkur maqola axborot xarakteriga ega bo‘lsa-da, jadidlar turli da’vat, chaqiriqlar bilan cheklanib qolmasdan, mavjud iqtisodiy muammonlarni yechish uchun amaliy harakatlar ham olib borganliklarini ko‘rsatadi. Ushbu maqolada jadidlarning dehqonlarni qarzdorlikdan qutqarish, qishloq xo‘jaligini izchil rivojlantirish maqsadida ziroatchilarga kredit beruvchi maxsus bank ochish tashabbusi bilan chiqqanligini ko‘rish mumkin.
Ular dehqonlar faoliyatini moliyalashtiruvchi bunday banklar ochish uchun mahalliy sarmoyadorlarga bekor turgan mablag‘larini ana shu muassasaga qo‘yishni taklif qiladilar. Jadidlarning fikricha, bu birinchidan, mulkdorlarning boyligi miqdori yanada oshishiga va saqlanib qolishiga kafolat bo‘lsa, ikkinchidan, agar bankdagi mablag‘lar fakat mahalliy boylarning sarmoyalaridan iborat bo‘lsa, bankning egasi ham millatning o‘zi bo‘ladi. Uchinchidan, dehqonlarga beriladigan kreditlar foizi kam bo‘lganligi uchun ular ham doimiy qarzdorlikdan qutulib, ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishiga imkon beradi.
Gazeta muharririyatining: “Bul bankani ochmoqni xohlaguvchilar bo‘lsalar «Sadoi Farg‘ona» idorasiga murojaat qilsalar, shunday bankalarni ochmoqga darkor bo‘ladurgan dasturulamal kitoblarni ko‘rsaturmiz. ...Agar Farg‘ona muzofotini kaysi shahrida jamiyati xayriya ochmoqqa ixtiyor qilguvchilar bo‘lsa, maslahatini qilub, kerakli joydan javob so‘rab bermoq mumkindir”, deb yozgan so‘zlari jadidlar dehqonlar faoliyatini moliyalashtirishga ixtisoslashgan bunday kredit banklarini tashkil qilishning nazariy dasturini hamda amaliy rejasini puxta ishlab chiqqanligini bildiradi.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Buxoroda Abdulqodir Muhitdinov raisligida 9 kishidan iborat oliy qonun chiqaruvchi organ – Butun Buxoro inqilobiy qo‘mitasi va Fayzulla Xo‘jayev raisligida 11 kishidan iborat respublika hukumati – Xalq Nozirlar Sho‘rosi uzil-kesil shakllandi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Abdurauf Fitratning tashabbusi bilan Buxoro respublikasi Markaziy ijroiya qo‘mitasi Buxoro dorilfununini tashkil etish haqida qaror qabul qildi.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – kimyo fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Nusrat Parpiyev tavallud topdi (vafoti 2021 yil). Uning rahbarligida ilk bor palladiy va kobalt birikmalarining shishga karshi faol ta’sir etishi aniqlangan.
1935 yil(bundan 90 yil oldin) – O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) pedagogika fakulteti negizida Pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti) tashkil etildi. Bu dargoxda ko‘plab ilmiy yo‘nalishlar va ilmpy maktablar shakllandi. O‘tgan davr ichida mazkur ta’lim maskanida 300 mingdan ziyod ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlandi. Bitiruvchilar orasidan Yahyo G‘ulomov, Sh.Abdullayev, Z.Nuriddinov, Hamid G‘ulom, Shuxrat, Mirmuxsin, Shukrullo, Zulfiya, Said Axmad, R.Choriyev kabi ko‘plab fan va davlat arboblari, san’at va adabiyot namoyondalarining yetishib chiqqanligi alohida e’tiborga loyiqdir.
Universitet o‘z tarixi davomida bir qancha nomlarga ega bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 aprelda qabul qilingan “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etildi. Farmonga asosan universitet respublikamizda pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilandi.
1952 yil (bundan 73 yil oldin) – O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidenti, Oliy Majlis Senati a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Shavkat Ayupov tavallud topdi. U
1996 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2011 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, 2017 yilda Birinchi darajali Davlat mukofoti, 2021 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va “Oltin yulduz” medali bilan mukofotlangan.
1954 yil (bundan 71 yil oldin) – estrada xonandasi, O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov tavallud topdi. U keng diapazonli, jozibali ovoz sohibi. Bir necha xalqaro estrada tanlovlari, jumladan, 1978 yilda Bolgariyadagi “Oltin Orfey” g‘olibi.
1990 yil(bundan 35 yil oldin) – Toshkentda islom dini arboblaridan Muhammad Iso Termiziy tavalludiga 1200 yil to‘lishiga bag‘ishlangan Butunjahon islom konferensiyasi ochildi.
1991 yil(bundan 34 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasining Favqulodda XXXIIIs’ezdida O‘zbekiston Kompartiyasi KPSS tarkibidan chiqqanligi e’lon qilindi. Partiyaning bundan buyon faoliyat ko‘rsatmasligi e’tiborga olinib, ushbu partiya o‘rnida Xalq demokratik partiyasi tuzilgani e’lon qilindi.
1995 yil(bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat universitetining alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 4 bob hamda 33 moddadan iborat.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”, “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va «Astronomiya va aeronavtika» bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Naxichevan bitimiga qo‘shilish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi. Shu kunning o‘zidayoq uni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Kengash Kotibiyati va depozitariysiga O‘zbekistonning Naxichevan bitimiga qo‘shilishi to‘g‘risida hujjat yuborildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, o‘sha yili O‘zbekiston rasman Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga Naxichevan bitimiga qo‘shilish haqidagi ariza bilan murojaat qilgan edi. Mazkur murojaat Tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan iliq qarshi olindi. G‘oyat qisqa fursatda – qariyb bir ish kunida ijobiy javob berildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – Qo‘qon shahrida birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali ochildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Unna binoan, 26 sentyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA