O‘zbekiston mahsulotlari jahon bozorida – “Fruit Logistica 2026”
O‘zbekiston mahsulotlarini dunyoning istalgan davlatlariga yetkazish imkoniyatlari kengaymoqda. Buning uchun esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini xalqaro xaridorlarga namoyish eta bilmog‘i muhim sanaladi.
Germaniyaning Berlin shahrida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri – “Fruit Logistica 2026” boshlandi.
Savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” milliy stendida mamlakatimizning agrosanoat salohiyati keng namoyish etilmoqda.
Milliy ekspozitsiyada 20 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini xalqaro xaridorlar va potensial hamkorlarga taqdim etmoqda.
Ushbu ishtirok yangi eksport bozorlarini ochish, xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va “Made in Uzbekistan” brendini jahon miqyosida mustahkamlashga xizmat qiladi.
Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazma 6 fevral kuniga qadar davom etadi. O‘zbekiston paviloni “Messe Berlin” ko‘rgazma markazining Hall 22/E50 stendida joylashgan.
A.RUSTAMOV, O‘zA