O‘zbekiston kubogida navbatdagi g‘oliblar aniqlandi
Sport gimnastikasi bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogining ikkinchi kun bellashuvlari yakunlandi.
Musobaqada sportchilar kattalar, 2008–2009 va 2010–2011-yillarda tug‘ilganlar toifalarida alohida dasturlar bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Kattalar (2007-yil va undan kattalar) o‘rtasida erkin mashqlarda Xumoyun Islomov chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, dastakli ot mashqida O‘tkirbek Jo‘rayev, halqada Axrorxon Temirxonov, tayanib sakrashda Abdulaziz Mirvaliyev, qo‘shpoyada Rasuljon Abdurahimov, turnikda esa Alisher Boysarov birinchi o‘rinni egalladi.
2008–2009-yillarda tug‘ilgan sportchilar bahsida erkin mashqlarda Atabek Po‘latov, dastakli otda Timur G‘afurov, halqada Alisher Abulfayzov, tayanib sakrashda Bilol Abdumurodov, qo‘shpoyada Odilbek Otaxonov va turnikda Amirxon Sardorov oltin medallarga sazovor bo‘ldi.
2010–2011-yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida esa erkin mashqlarda Kamron Shernazarov g‘olib chiqqan bo‘lsa, Farrux Isoqjonov dastakli ot, halqa, qo‘shpoya va turnik mashqlarida to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritib, kunning eng muvaffaqiyatli ishtirokchisiga aylandi. Tayanib sakrash dasturida esa Rustam Timurov birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa doirasida barcha dasturlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar medallar hamda diplomlar bilan taqdirlandi. O‘zbekiston kubogi bahslari belgilangan dastur asosida davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA