O‘zbekiston – Koreya: hamkorlik rivojlanmoqda
Shu kunlarda Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Sirdaryo viloyati delegatsiyasi tashrif dasturi doirasida “DHMT Global” korporatsiyasi prezidenti Tae Suk Lee bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokara yakunida Mirzaobod tumanida “Komt” brendi ostida elektronika va mikro-elektronika yo‘nalishida korxona barpo etish bo‘yicha investitsion kelishuvga erishildi.
Qurilish ishlari 2024 yil fevraldan iyul oyiga qadar davom etadi. Ishlab chiqarish jarayonlariga 3 nafar koreyalik tajribali ekspert va mahalliy mutaxassis jalb qilinadi. Shuningdek, korxonaning o‘zida ishsiz yoshlar servis xizmatiga o‘qitiladi. Mahsulotlarni to‘liq eksportga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. “Evervolution So.” kompaniyasi direktori Jung Tae Keun bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Guliston tumanidagi foydalanilmay turgan va o‘zlashtiriladigan yerlarda Koreya tajribasi asosida loyiha qiymati 12 million dollarlik yangi zamonaviy intensiv gilos bog‘i yaratish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Viloyatda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlarning sifati juda yuqori ekanini, biroq ularni qayta ishlash orqali taniqli brend yaratmasdan turib xalqaro bozorlarda muqim joy olish oson bo‘lmasligini qayd etgan koreyalik ishbilarmonlar bu borada ham o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda Koreyaning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan, dunyoning 76 ta mamlakatidan kelgan 2000 nafardan ziyod xorijlik talabaga ham ilm berayotgan “Sun Moon” universiteti prezidenti Seon Ju Xvan hamda universitet ilmiy jamoasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatimiz iqtisodiyoti va sanoat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilm-fan va ta’lim rivoji davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani eng to‘g‘ri yo‘l ekanini e’tirof etgan Seon Ju Xvan hamkorlik aloqalarini “Chungnam –Markaziy Osiyo mintaqaviy innovatsion iste’dodlarni rivojlantirish loyihasi”ning davomi sifatida kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Viloyatda “Sun Moon” universiteti ta’lim standartlari asosida kadrlar tayyorlash, koreyalik professor-o‘qituvchilarni Sirdaryoga jalb qilish, birgalikda ilmiy forumlar tashkil etish, qo‘shma tadqiqot va ishlanmalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda hamkorlik qilishga kelishildi. Shu yerning o‘zida Chungnam provinsiyasi va 16 ta faol kompaniyaning vakillari ishtirokida biznes forumi ham bo‘lib o‘tdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri