O‘zbekiston – kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yirik ishlab chiqaruvchi
Bilasizmi, 2017-2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining transformatsiyasida to‘qimachilik tarmog‘i ustun yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Ushbu davr mobaynida asosan xomashyo yo‘nalishiga ega bo‘lgan amaldagi ishlab chiqarish modeli tubdan qayta qurilib, yuqori qiymat qo‘shilgan mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Natijada qo‘shilgan qiymatning jadal o‘sishi hamda iqtisodiyotdagi ulushining 2,4 foiz foizdan 2,8 foizgacha oshishi kuzatildi. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra tarmoq sanoat ishlab chiqarishining 14 foizini, mamlakat eksportining 10,8 foizini tashkil etdi, unda 500 mingdan ortiq kishi mehnat qildi va 9 mingga yaqin korxona faoliyat yuritdi.

8 yil ichida ishlab chiqarish hajmi 2 barobarga oshib, 10 mlrd. dollarga yetdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston MDH hududida to‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha hajm jihatidan ikkinchi o‘rinda, Markaziy Osiyoda esa eng yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Solishtirish uchun, Rossiyada 2024 yilda to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi 12,3 mlrd. dollarni, Qozog‘istonda – 435 mln. dollarni, Tojikistonda – 360 mln. dollarni, Qirg‘izistonda – 225 mln. dollarni tashkil etgan. (Faqat to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston MDHda birinchi o‘rinni egallaydi).
2017-2024 yillar mobaynida tarmoqda tayyor mahsulot ulushi sezilarli darajada oshdi – “O‘ztekstilsanoat” assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildagi 27 foizdan 2024 yilda 58 foizga yetdi. Shu bilan birga, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishida katta o‘sish kuzatildi – 8 yilda 11,4 barobar. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra bunday mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,1 mlrd. donadan oshdi.
So‘nggi 8 yilda amalga oshirilgan islohotlar, avvalo mamlakat paxta bozorini qayta ko‘rib chiqish va liberallashtirish, uni yetishtirish, yig‘ish hamda qayta ishlashda eskirgan va samarasiz ma’muriy shakllardan voz kechish tarmoqning jadal rivojlanishida asosiy omil bo‘ldi. Xususan, paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilindi va ichki bozorda uni sotishda bozor mexanizmlari joriy etildi. Paxta-xomashyoni xorijga eksport qilish to‘liq to‘xtatildi va hajmlar mamlakat ichida qayta ishlashga yo‘naltirildi. Xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan ishlab chiqarishni tashkil etishda klaster modeli joriy etildi – hozirgi kunda 130 dan ortiq paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, soliq imtiyozlari, bojxona to‘lovlaridan ozod etish, imtiyozli kredit resurslari ajratish va boshqa turdagi davlat qo‘llab-quvvatlash choralari korxonalarning moliyaviy va ishlab chiqarish holatini mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zbekistonda to‘qimachilik va kiyim-kechakning ichki bozori o‘sib bormoqda, ammo tarmoq salohiyatiga nisbatan hali ham cheklangan holatda qolmoqda.
2020-2024 yillarda aholi daromadlarining o‘sishi, to‘qimachilik ishlab chiqarish hajmining ko‘payishi va eksportning kengayishi sharoitida ichki to‘qimachilik va kiyim-kechak bozori 2 barobarga o‘sib, 3,8 mlrd. dollardan 7,9 mlrd. dollarga yetdi. Xususan, to‘qimachilik mahsulotlari ichki bozori 87 foizga o‘sib, 3,1 mlrd. dollardan 5,8 mlrd. dollarga, kiyim-kechakka talab esa 1,8 barobarga oshib, 1,1 mlrd. dollardan 2,1 mlrd. dollarga yetdi.
Shu davrda O‘zbekistonga to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak importi 2,1 barobarga oshib, 293 mln. dollardan 613 mln. dollarga yetdi. Shu bilan birga, ichki bozorda import ulushi deyarli o‘zgarmadi: 2017 yilda 7,6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 7,8 foizni tashkil etdi. Shuni ta’kidlash lozimki, ortiqcha talab asosan respublikada ishlab chiqarilmaydigan xomashyo va materiallar importiga to‘g‘ri keldi – kimyoviy/sintetik tolalar, ip, matolar va boshqalar.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ichki bozor mahalliy mahsulotga talabning ortishi hisobiga tarmoqning o‘sishiga katta hissa qo‘shdi.
Bu holat, shuningdek, ichki bozor hajmining ishlab chiqarish hajmiga nisbatini ham ko‘rsatadi: 2017-2021 yillarda 82 foizdan 63 foizga tushgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 77 foizgacha o‘sdi.
Ichki bozor hajmi tarmoq salohiyatiga nisbatan cheklangan sharoitda tarmoqning eksportga yo‘naltirilgan siyosati yuritilishi va tashqi bozorlarga faol chiqishi ob’ektiv zarurat hisoblanadi.
2017-2024 yillarda O‘zbekiston to‘qimachilik va kiyim-kechak eksporti 2,5 barobarga oshib, 1,1 mlrd. dollardan 3 mlrd. dollarga yetdi. Shu bilan birga, eksport tarkibida ham o‘zgarish kuzatilib, xomashyo yo‘nalishidan qayta ishlangan va tayyor mahsulot yetkazib berishga e’tibor qaratildi. Masalan, 2017 yilda soha eksportida ip ulushi taxminan 60 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 40 foizga tushdi, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushi esa 42 foizga yetdi.
2017-2024 yillarda davlat mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish bo‘yicha faol choralar ko‘rdi. Jumladan, eksportchilarning ko‘rgazmalarda, yarmarkalarda ishtirok etish, brendlarni targ‘ib qilish, ombor va savdo maydonlarini ijaraga olish xarajatlarini qoplash mexanizmlari joriy etildi.
Natijada, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish doirasida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beriladigan tashqi bozorlar soni 65 tadan 74 tagacha kengaydi.
Shuningdek, xorijga yetkazib beriladigan mahsulot nomenklaturasi ham kengaydi – 2024 yilda to‘qimachilik va kiyim-kechakning 119 ta tovar turi eksport qilingan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 92 ta nomdan iborat edi. Bu esa mahalliy to‘qimachilik sanoati faqat avvaldan ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini oshirish bilan cheklanmasdan, balki tovar turlarini kengaytirib, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirganini ham ko‘rsatadi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda to‘qimachilik va kiyim-kechak eksporti sust o‘sish dinamikasini namoyon etgan. Ishlab chiqarish va investitsiyalar o‘sishiga qaramay, so‘nggi yillarda tarmoqda shakllangan modelning o‘sish sur’atlarida ma’lum sekinlashish kuzatilmoqda.
Bu holat tarmoqda mavjud ishlab chiqarish-xo‘jalik munosabatlarini takomillashtirish yoki qayta ko‘rib chiqish zaruratini taqozo etmoqda. Bundan tashqari, o‘rta muddatli istiqbolda hal etilishi lozim bo‘lgan qator rivojlanish masalalari ham kun tartibida qolmoqda.
Xavf-xatarlar va asosiy bozorlarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida eksport geografiyasi va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish. Bunda asosiy xaridor davlatlarda paxta ip kalava importining joriy yilda kamayishi yaqqol misol bo‘ladi. 2025 yil yanvar-iyul oylarida Xitoy paxta ip kalava import hajmini 20 foizga qisqartirib, 2,2 mlrd. dollardan 1,7 mlrd dollarga tushirdi, Turkiya esa 52 foizga qisqartib, 340 mln. dollardan 165 mln. dollarga yetkazdi.
Yaqin qo‘shni mamlakat bo‘lishiga qaramay, mintaqaviy mamlakatlar bozori hali ham yetarlicha o‘zlashtirilmagan. 2024 yilda chegaradosh mamlakatlar tomonidan to‘qimachilik va kiyim-kechak importi 5,2 mlrd. dollarni (shundan kiyim-kechak 2,5 mlrd dollar) tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonning bu mamlakatlarga eksporti 276 mln. dollarni yoki ularning import hajmining 5 foizini tashkil etdi.
2017-2024 yillarda to‘qimachilik va kiyim-kechak eksporti Yevropa mamlakatlari bozorlariga ikki barobarga oshgan bo‘lsa-da, hali yetarlicha yuqori emas – tarmoq eksportining taxminan 5 foizini tashkil etmoqda.
Ushbu yo‘nalish doirasida mahalliy mahsulotlarni xalqaro standartlar va maqsadli bozorlar talablariga muvofiq sertifikatlashga alohida e’tibor qaratilishi zarur. O‘zbekiston tomonidan belgilangan rejalarga ko‘ra, bunday sertifikatlarga ega korxonalar soni 300 taga yetkaziladi.
Tarmoqni barqaror rivojlantirishning kelgusi bosqichi uchun smes, sintetik va zamonaviy to‘qimachilik materiallari ishlab chiqarishni yanada oshirish, turli ko‘rinish, dizayn va uslubdagi kiyim-kechakning keng turlarini o‘zlashtirish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, 2017-2024 yillarda sanoat jadal rivojlandi. Tuzilmaviy qayta qurilish xomashyo yo‘nalishidan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish modelini o‘zgartirish imkonini berdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA