O‘zbekiston kimyo sanoati xorij OAV nigohida
Italiyaning «Scenari-Internazionali» onlayn-jurnalida «O‘zbekiston hukumati va IFC o‘rtasida kimyo sanoatini modernizatsiya qilish to‘g‘risida kelishuv» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.
Materialda Jahon banki guruhi a’zosi (WBG) bo‘lgan Xalqaro moliya kompaniyasi (IFC) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida kimyo sanoatini modernizatsiya qilish va o‘g‘itlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzolangan yangi hamkorlik bitimi ushbu sohaga sarmoyalarni jalb qilish va barqaror amaliyotni qabul qilishni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan bog‘liq atroflicha ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.
Jurnal IFCning Yevropa, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib havzasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jorjina Beykerning so‘zlarini keltiradi. U O‘zbekiston o‘zining boy tabiiy resurslari tufayli kimyoviy moddalar va o‘g‘itlarning yirik eksportchisiga aylanishi xususida to‘xtalar ekan, bosqichma-bosqich islohotlar va zamonaviy texnologiyalar hamda jalb etilayotgan sarmoyalar kimyo sanoatini mamlakat iqtisodiy rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishi mumkinligini ta’kidlaydi.
– Beykerning qo‘shimcha qilishicha, ushbu hamkorlikka binoan, IFC bu sohani modernizatsiya qilishda mamlakatda barqaror kimyo sanoatini yaratish uchun zarur bo‘lgan eng innovatsion yechimlar va ilg‘or tajribalarni investitsiya qilish va joriy etishga qiziqish bildirgan xorijiy kompaniyalarni jalb qilishda Toshkentni qo‘llab-quvvatlamoqchi, – deb yozadi «Scenari-Internazionali».
Muhtarama Komilova, O‘zA