O‘zbekiston jamoasi "Act In Space" xakatonida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi
Turin politexnika universiteti talabalaridan iborat NazarX jamoasi Fransiyaning Bordo shahrida o‘tgan jahon xakatonida modulli sun’iy yo‘ldosh loyihasi bilan ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
Musobaqada dunyoning 23 ta davlatidan 391 ta jamoa qatnashdi. Xalqaro bosqichning birinchi kunida yarim final bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar guruhlarga bo‘lingan holda hakamlar hay’atiga o‘z loyihalarini taqdim etdi. O‘zbekiston jamoasi o‘z guruhida Tayvan, Fransiya, Qozog‘iston va Marokash vakillari bilan bellashib, guruh g‘olibi sifatida keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Yarim final natijalariga ko‘ra, yurtdoshlarimiz grand finalga chiqdi. Final bosqichida eng kuchli 5 ta jamoa ishtirok etdi va yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Ushbu yutuq mamlakatimiz yoshlarining kosmik texnologiyalar, muhandislik va innovatsiyalar sohasidagi yuqori salohiyatini yaqqol namoyon etdi. Shuningdek, kosmik sanoat va xalqaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi.

Bunday nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etish O‘zbekistonni global texnologik maydonda munosib namoyon eta oladigan yangi avlod muhandislari va tadqiqotchilarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA