O‘zbekiston jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, turizm salohiyatini keng namoyon etish, sanoat va eksportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborida. Jahon matbuotida mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va transport markazi sifatidagi ahamiyati ortib borayotgani, shuningdek yashil energetika va zamonaviy qishloq xo‘jaligiga o‘tish jarayoni haqida materiallar e’lon qilinmoqda.
KazTAG: O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo suv resurslarini raqamli monitoring qiladi

Qozog‘istonning “KazTAG” axborot agentligi O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo havzasidagi gidropostlarni avtomatlashtirish tizimini kengaytirishga kelishib olgani haqida xabar berdi.
Materialda Turkiston shahrida ikki mamlakat suv resurslari idoralari ishtirokida o‘tkazilgan qo‘shma ishchi guruhning 14-yig‘ilishida transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va oqilona foydalanish masalasi muhokama qilingani qayd etilgan. Tomonlar suv xo‘jaligini raqamlashtirish, gidropostlardan ma’lumotni onlayn uzatish va yagona ma’lumot bazasini shakllantirish borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishgan.
Ayni payt xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida ikki mamlakatda jami 10 ta gidropostni avtomatlashtirish loyihasi amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
The National: Toshkent xalqaro aviatsiya va turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

Birlashgan Arab Amirliklari “The National” nashri “Etihad Airways” aviakompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishida har kunlik avia reys yo‘lga qo‘yganini yoritdi. Nashrga ko‘ra, yangi yo‘nalishning ilk qatnovi to‘liq sotilgan.
Materialda Toshkent nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa shaharlariga sayohat qilish uchun ham muhim transport nuqtasiga aylanayotgani qayd etilgan. “Etihad airways” va “Uzbekistan Airways” o‘rtasidagi kelishuv tufayli yo‘lovchilar poytaxtimiz orqali Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Nukus, Termiz, Urganch va Andijonga ham yetib borish imkoniga ega.
Aviakompaniya yangi yo‘nalishni O‘zbekiston, BAA va boshqa xalqaro bozorlar o‘rtasida sayohatga talab ortib borayotgani bilan izohlagan. Toshkentning boy madaniy merosi va turizm salohiyati ham mamlakatga qiziqishni kuchaytiruvchi omil sifatida qayd etilgan.
The Korea Times: O‘zbekistonlik stipendiya sohibining Koreyadagi yangi hayoti

Janubiy Koreyaning “The Korea Times” nashri “Global Korea Scholarship” dasturi orqali Koreyada tahsil olgan O‘zbekiston fuqarosi Normatjon Sodiqovning hayoti va kasbiy faoliyati haqida hikoya qildi.
Materialda uning 2018-yil Koreyaga borgani, dastlab koreys tilini o‘rganib, keyin kompyuter muhandisligi bo‘yicha tahsil olgani va hozir “SK Telecom” kompaniyasida mahsulot rejalashtiruvchisi sifatida ishlayotgani aytilgan. Stipendiya dasturi hamyurtimizga ta’lim olish bilan birga mahalliy madaniyat va ish muhitiga moslashish imkonini bergan. Normatjon til bilish xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun eng muhim omil ekanini ta’kidlaydi. U Koreyada o‘qigan yillari davomida mahalliy maktabda O‘zbekiston madaniyati haqida maxsus darslar ham o‘tgan ekan.
The Traveler: Toshkent Markaziy Osiyoga sayohat uchun asosiy darvozaga aylanmoqda

“The Traveler” nashri Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat tashkil etishda Toshkentning ahamiyati tobora ortayotganini tahlil qildi. Materialda “Intrepid Travel” kompaniyasi poytaxtimizni O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarni qamrab oluvchi ko‘p mamlakatli sayyohlik yo‘nalishlari uchun asosiy boshlanish va tugash nuqtasi sifatida tanlayotgani qayd etilgan.
Nashr zamonaviy infratuzilmasi, xalqaro havo qatnovi, temir yo‘l tarmog‘i va Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga qulay bog‘langani Toshkentni mintaqaviy turizm markaziga aylantirayotganini ta’kidlagan.
Muallif O‘zbekistonga xos vizani yengillashtirish siyosati, qulay transport infratuzilmasi va tarixiy-madaniy meros jozibadorligi xalqaro sayyohlik kompaniyalarining mamlakatga qiziqishini oshirayotganini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan Toshkent Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat uchun logistik va madaniy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlayotgani aytilgan.
IndexBox: O‘zbekiston to‘qimachilik eksporti jadal o‘smoqda

“IndexBox” nashri O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida 2026-yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichi sezilarli oshganiga e’tibor qaratdi.
Maqolada Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga tayanib, yanvar-iyun oylarida yirik korxonalar tomonidan 54,4 trillion so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgani va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,1 foiz ko‘p ekani qayd etilgan.
Shu davrda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,6 milliard dollarga yetgan va yillik hisobda 24,1 foiz oshgan. Eksport tarkibida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari 53 foiz, ip-kalava 31 foiz, trikotaj matolar 9 foiz va gazlama 5 foizni tashkil etgan.
Nomad Lawyer: O‘zbekistonga xalqaro turizm oqimi o‘smoqda

“Nomad Lawyer” nashri O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni sezilarli oshganini yoritdi. Materialda 2026-yil dastlabki yetti oyida mamlakatga qariyb 7,75 million nafar xorijiy mehmon tashrif buyurgani va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foiz ko‘p ekani qayd etilgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p mehmon Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan. Shuningdek, Rossiya, Afg‘oniston, Xitoy, Turkmaniston, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya fuqarolari ham asosiy sayyohlik oqimini shakllantirgan.
Muallif O‘zbekistonning Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva yo‘nalishidagi tarixiy shaharlari, temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasi hamda xalqaro havo qatnovi kengayishi turizm oqimi tezlashishiga xizmat qilayotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, mamlakatda turizmni iqtisodiy diversifikatsiyaning muhim yo‘nalishi sifatida rivojlantirish siyosati ham ushbu tendensiyani qo‘llab-quvvatlayotganiga e’tibor qaratilgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA