O‘zbekiston: istiqlol va istiqbol
“Globus” loyihasida Birlashgan Arab Amirliklari taniqli yozuvchisi Yusuf Ali Al-Saadning “O‘zbekiston. Istiqlol solnomasi” nomli maqolasi taqdim etilmoqda.
Mustaqillik bayrami nishonlanayotgan kunlarda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, hamkorlik mujassamlashgan munosabatlarni nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan maftunkor diyor, qadim tarixga ega O‘zbekiston ilm-fan, madaniyat mayog‘i sifatida e’tirof etiladigan Buxoro, Samarqand kabi tarixiy shaharlari bilan mashhur. Bu yurt ayniqsa so‘nggi yillarda iqtisodiy va siyosiy islohotlarga asoslangan zamonaviy davlat qurish yo‘lida ulkan natijalarga erishdi.
BAA-O‘zbekiston munosabati: samarali hamkorlik
Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabat 1992 yil 25 oktyabrda yo‘lga qo‘yilgan. Shundan buyon o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlar aks etgan sa’y-harakatlar izchil rivojlanmoqda. 1992 yil Dubayda Bosh konsullik, 2007 yil Abu-Dabida elchixona ochilgan. BAA 2004 yil O‘zbekistonda ochilgan konsullikni diplomatik aloqani mustahkamlash maqsadida 2010 yil elchixonaga aylantirdi.
Turizm: madaniyatlar darvozasi
O‘zbekiston tarixi, madaniy merosi va diqqatga sazovor manzillari tufayli butun dunyo, jumladan Amirliklar uchun sevimli sayyohlik maskanidir. Keyingi yillarda viza tartib-taomili soddalashtirilgach, bizning fuqarolarimiz uchun bemalol elektron viza olish imkoni yaratildi. Tegishli anglashuv memorandumi asosida 2024 yildan diplomatik, maxsus, missiyali va oddiy pasport egalari uchun kirish vizasi o‘zaro bekor qilindi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi
BAA va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia reyslar joriy etilishi ikki tomonlama sayohat ko‘lamini keskin oshirdi. Aviakompaniyalar Abu-Dabi, Sharja va Dubaydan Toshkent va boshqa shaharlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yib, madaniy va turizm almashinuvi rag‘batlantirilishini ta’minlamoqda.
Amirlikdagi o‘zbeklar jamiyati: madaniy ko‘prik
Amirliklarda ko‘plab o‘zbeklar istiqomat qiladi. Ular madaniy-ijtimoiy aloqalarimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Madaniy tadbirlar, festivallar orqali hamjamiyat mahalliy fuqarolarga asl o‘zbek merosi bilan tanishish, o‘ziga xos madaniy tajribadan bahramand bo‘lish imkonini yaratmoqda.
O‘zbek restoranlari va madaniy merosi
BAAda ochilgan ko‘plab o‘zbek restoranlarida palov, somsa, kabob kabi mazali an’anaviy taomlarni tatib ko‘rish mumkin. Bunday muassasalar madaniy xilma-xillikni aks ettiradi, ikki xalq bir-birini yanada yaqinroq anglashiga yordam beradi.
Istiqbol
Ikki tomonlama munosabat mustahkamlanib borar ekan, biz barqaror rivojlangan, uyg‘un yorqin kelajakdan umidvor bo‘lishga haqlimiz. Zero, bugungi aloqalar umumiy farovonlik sari intilish mushtarakligini aks ettirmoqda.
Fursatdan foydalanib, butun o‘zbek xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Bu go‘zal diyorga takror-takror borib, boy madaniyat, maftunkor tabiat, beqiyos obidalardan bahramand bo‘lishni intiqlik bilan kutaman. Biz ham ushbu bayramni xalqlarimizni bog‘laydigan mehrga yo‘g‘rilgan do‘stlik ruhida nishonlaymiz.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA