O‘zbekiston – Isroil: oliy ta’limdagi hamkorlik
Buxoroda o‘tkazilgan “Birinchi O‘zbekiston Isroil akademik forumi”da ishtirok etgan Isroilning Ariel universiteti rektori Albert Pinxasov boshchiligidagi delegatsiya Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Ariel universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya institut rektori Shuhrat Teshayev hamrohligida yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yangi kampusda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Kampusda tashkillashtirilgan Simulyatsion markazda yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalari bilan tanishildi. Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan muntazam hamkorlik qilishga kelishildi.

O‘rganishlardan so‘ng, ikkala oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, talabalar va professor o‘qituvchilar akademik mobilligi doimiy ravishda olib boriladi. Eng asosiysi, kelajakda Buxoro davlat tibbiyot institutida hamkorlik doirasida qo‘shma Molekulyar genetik laboratoriyasi tashkil etiladi.

Institut mamlakatimizdagi OTMlar ichida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Ayni paytda 50 ga yaqin xalqaro tashkilotlar bilan imzolangan memorandum va shartnomalar bilan ishlamoqda. Bir nechta xorijiy davlatlardan mingga yaqin talabalar kelib tahsil olmoqda.
Xorijiy davlatlar bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bugunga kelib hamkor oliygohlarga borib joylashib tahsilni davom ettirmoqda.
Ariel universiteti 1982 yilda tashkil etilgan. Isroildagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. bugungi kunda 8ta fakultetida 15 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA