O‘zbekiston-Indoneziya: hamkorlikning yangi bosqichi
Indoneziyaning Gunadarma va Buxoro davlat universiteti o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Mazkur hamkorlik doirasida Indoneziyaning 90 dan ortiq universitetlari va institutlaridan professor-o‘qituvchilar hamda rektorlar Buxoroga tashrif buyurdi.
Dastlab, Toshkent va Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishib chiqqan xorijlik professor-o‘qituvchilar, Buxoro shahridagi madaniy meros ob’ektlari bo‘lmish Ismoil Somoniy, Chashmai Ayub, Bolo Hovuz bo‘ylab sayohat qildi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Indoneziyadagi Gunadarma universiteti rektori, Indoneziya – O‘zbekiston do‘stlik uyushmasini rahbari, O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi, professor Eko Shri Margianti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Uchrashuvda Buxoro viloyati delegatsiyasining Indoneziyaga, shuningdek, indoneziyaliklarning Buxoroga avvalgi tashrifi doirasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni jadallashtirish, xususan, ta’lim, madaniyat va ziyorat turizmi yo‘nalishida zarur chora-tadbirlarni belgilash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Professor Margianti o‘z mamlakatidagi 30 dan ortiq universitet bilan O‘zbekistondagi oliy ta’lim dargohlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishda o‘zining beqiyos hissasini qo‘shib kelmoqda.


-Avvalgi uchrashuvlarda kelishib olganimizdek, hozir indoneziyaliklarga O‘zbekistonni, ayniqsa, Buxoroni keng targ‘ib qilish bo‘yicha faol harakatlar olib boryapmiz, – dedi Eko Shri Margianti. - Bu gal Buxoroga 93 kishilik delegatsiya bilan kelganimiz bu boradagi amaliy sa’y-harakatlarimizning ilk natijalari deb o‘ylayman. Kecha biz yurtdoshlarimiz bilan Buxoro davlat universitetida bo‘ldik. Buxoroning tarixiy joylarida sayohat qildik. Barchasi juda ajoyib va hayratlanarli. Ana shu hayrat va havasga to‘la shahar haqida hujjatli film olish istagidamiz. Uni Indoneziyadagi ommaviy axborot vositalarida namoyish etamiz. O‘ylaymanki, bu Buxoroga indoneziyalik sayyohlarni jalb qilishga katta yordam beradi. Kelgusida yurtimda yashovchi 265 million aholining barchasini O‘zbekistonga, Buxoroga jalb qilish niyatim bor.

Muloqot davomida turizm sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan va innovatsion loyihalarda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilarining ishtirokini ta’minlash kabi masalalar ham muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada yaxshilash, ta’lim tizimi va turizmda aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijiy mehmonlar, Buxoro tumanidagi Akmal Muhiddinov tashkil etgan “Bahouddin Naqshband” hunarmandchilik markazida ham bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari markaz faoliyati bilan tanishdi. Mahorat darslarida ishtirok etdi.
Xorijiy delegatsiya uchun Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan madaniy tadbir mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Milliy raqs va qo‘shiqlarga ulashib ketgan madaniy tadbirda, Gunadarma universiteti gimni ham yangradi.
Tadbir so‘ngida mehmonlarga milliy o‘zbekona do‘ppilarimiz va adras ro‘mollar sovg‘a qilindi.
Prezidentimizning 2018 yil Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur davlat bilan doimiy hamkorlik qilish topshirig‘idan so‘ng ikki tomonlama qator ishlar amalga oshirildi.
Buxoro davlat universitetida Indoneziyadan yurtimizga tashrif buyurgan nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, turizm sohasi xodimlari va boshqa soha vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Muloqotlar chog‘ida ham qator manfaatli bitimlar va kelishuvlarga erishildi.


Dastlab, professor Eko Shri Margianti bilan uchrashgan Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev Osiyodagi eng katta universitetlardan biri bilan hamkorlik qilish ikki tomon uchun manfaatli ekanini bildirdi.
Muloqotlar davomida turizm sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan va innovatsion loyihalarda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilarining ishtirokini ta’minlash kabi masalalar ham muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada yaxshilash, ta’lim tizimi va turizmda aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev Gunadarma, Mega Buana Palopo, Muhammadiyah Rappang, Padjadjaran universitetlari va LLDIKTI tashkiloti bilan ham hamkorlik memorandumi imzoladi.
Zarif Komilov, O‘zA