O‘zbekiston ilk bor “WSIS+20” sammitida ishtirok etmoqda
Shu kunlarda Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “WSIS+20” — Axborot jamiyati bo‘yicha butunjahon sammitida Progressiv islohotlar markazi (PIM) vakillari ham ishtirok etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida o‘tkaziladigan mazkur tadbir raqamli rivojlanish, AKT siyosatidagi yutuqlar va inklyuziv muloqotni ilgari surishga qaratilgan global platforma bo‘lib xizmat qiladi. “WSIS+20” tashabbusining 20 yilligiga bag‘ishlangan bu yilgi anjumanda turli davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar va xususiy sektor vakillari jam bo‘ldi.
10 iyul kuni sammit doirasida ilk bor Progressiv islohotlar markazi tomonidan “O‘zbekistonda media va AKTni rivojlantirish: Raqamli inklyuziya va infratuzilmani kuchaytirish” mavzusida maxsus panel sessiyasi tashkil etiladi. Unda yurtimizda raqamlashtirish sohasidagi yutuqlar, kuchli axborot jamiyatini shakllantirish hamda O‘zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi muhokama qilinadi. Ushbu panel sessiyasida Progressiv islohotlar markazi (PIM) direktori Mirshohid Aslanov, markaz direktor o‘rinbosari Qadambay Sultanov va “Digital Generation Uzbekistan” koordinatori Ummatoy Yuldasheva o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan elektron boshqaruv tizimini joriy etish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtiriladi. Aholining barcha qatlamlari uchun raqamli infratuzilmaning ochiqligi va qulayligini ta’minlash, shuningdek, axborotdan foydalanish huquqini kafolatlovchi inklyuziv va ishonchli media ekotizimini shakllantirish yo‘nalishidagi tashabbuslar muhokama qilindi. Bundan tashqari, tashabbusli byudjetlashtirish, elektron petitsiyalar kabi raqamli vositalarning davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.
— Islohotlar yo‘lidan ketayotgan O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun fuqarolik jamiyatining global maydonda o‘z pozitsiyasini bildira olishi nihoyatda muhim, — deydi Mirshohid Aslanov. — “WSIS+20” singari xalqaro platformalar mustaqil institutlarga tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va raqamli o‘zgarishlarni shaffof va inklyuziv tarzda amalga oshirish imkonini beradi.
PIM vakillarining “WSIS+20” sammitidagi ishtiroki O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining global raqamli siyosatdagi faolligini aks ettiradi. Markaz o‘zining tadqiqotlarga asoslangan yondashuvi orqali xalqaro muloqotga qo‘shilmoqda va kelajakka tayyor, adolatli raqamli tizimlarni yaratishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
Aziza Alimova, UzA.