O‘zbekiston-Hindiston: sanoat sohasida yangi hamkorlik kelishuviga erishildi
Mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi.
Ana shunday istiqbolli tashabbuslardan biri sifatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki hamda Hindistonning “PURFLUX GROUP” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu kelishuv sanoat sohasida yangi quvvatlarni yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash kerakki, “PURFLUX GROUP” xalqaro miqyosda tan olingan yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, Sogefi Group konserni tarkibiga kiradi. Kompaniya yuqori samaradorlikka ega filtrlash tizimlari hamda avtomobillar uchun turli butlovchi qismlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Kelishuv doirasida yangi loyihani Jizzax kimyo-industrial texnoparki hududida joylashtirish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi xalqaro sifat standartlarini joriy etish, mahalliy sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
"O‘zkimyosanoat" AJ axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tashabbus doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi bandligi ta’minlanishi va mutaxassislar uchun zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatlari kengayishi kutilmoqda. Bu esa hudud sanoati taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘ladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA