O‘zbekiston global sug‘urta kafolatlari tizimidagi ishtirokini kengaytirmoqda
IFIGS Boshqaruv qo‘mitasi 2026-yil I choragi yakunlari bo‘yicha Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasini Xalqaro sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash sxemalari forumi — International Forum of Insurance Guarantee Schemes (IFIGS) doirasida faoliyat yurituvchi Axborot almashinuvi bo‘yicha ishchi guruh — Information Sharing Working Group (ISWG) tarkibiga kiritish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.
Shu tariqa, Jamg‘arma IFIGSning axborot almashinuvini rivojlantirish, tahliliy materiallar tayyorlash hamda sug‘urta kafolatlari sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganishga qaratilgan ixtisoslashgan ishchi platformalaridan biriga rasman qo‘shildi.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasining ISWG ishchi guruhi tarkibiga kirishi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Jamg‘armaning institutsional rolini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning global sug‘urta kafolatlari tizimidagi ishtirokini kengaytirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur qadam O‘zbekiston nafaqat xorijiy tajribani o‘rganayotganini, balki sug‘urta kafolatlari sohasidagi xalqaro professional hamjamiyatning faol ishtirokchisiga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Xalqaro moliyaviy-iqtisodiy aloqalar tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda sug‘urtalanuvchilarni himoya qilish hamda sug‘urta sohasida kafolat mexanizmlarini rivojlantirishga mas’ul tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yo‘nalishda Jamg‘arma xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirib, ilg‘or amaliyotni o‘rganmoqda hamda sohaviy institutlar bilan professional aloqalarni mustahkamlamoqda.
IFIGS sug‘urta kafolatlari va sug‘urta xizmatlari iste’molchilarini himoya qilish funksiyalarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni birlashtiruvchi global professional platforma hisoblanadi. Hozirgi vaqtda forum Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa, Osiyo hamda Afrikaning 26 mamlakatidan 30 dan ortiq ishtirokchini qamrab olgan bo‘lib, bu uning keng xalqaro miqyosi va sug‘urtalanuvchilar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirishdagi ahamiyatini tasdiqlaydi.
Korea Deposit Insurance Corporation (KDIC) tomonidan muvofiqlashtiriladigan ISWG ishchi guruhi IFIGSning axborot almashinuvi bo‘yicha asosiy maydonlaridan biri hisoblanadi. Uning faoliyati doirasida tahliliy materiallar tayyorlanadi, choraklik axborot byulletenlari chiqariladi, shuningdek, forum a’zolari o‘rtasida yillik so‘rovlar o‘tkaziladi.
Jamg‘armaning ISWG faoliyatidagi ishtiroki IFIGS a’zolari bilan axborot almashish, kafolat va kompensatsiya mexanizmlarini tashkil etish bo‘yicha xalqaro yondashuvlarni o‘rganish, shuningdek, xorijiy institutlar tajribasini tahlil qilish masalalarida o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.
Bu esa Jamg‘arma faoliyatini yanada takomillashtirish, kompensatsiya mexanizmlari samaradorligini oshirish hamda sug‘urta sohasida fuqarolarning huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash uchun ilg‘or amaliyotlardan foydalanish imkonini beradi.