O‘zbekiston global masalalarda tashabbus ko‘rsatmoqda
Munosabat

Xalqimiz joriy yilning 5-6 noyabr kunlari qo‘shni Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini e’tibor bilan kuzatdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev anjumandagi nutqida so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgani, zamonaviy sanoat va infratuzilma ob’ektlari barpo etilayotgani, davlatning xalqaro obro‘si va nufuzi oshayotgani bu o‘zbekistonliklarni cheksiz quvontirishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti kengashi raislarining Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlaridan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olgani, yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchayayotgani, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortayotganini kuyunchaklik bilan sharhladi.
Tinchlikparvar O‘zbekiston rahbari Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urushni qoralarkan, bu borada yagona yechim – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdan iborat ekanini bayon etib o‘tdi.
Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda esa amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilishini bildirdi. Mamlakatimiz Yetakchisi turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kuchaytirish borasida bir qator ustuvor yo‘nalishlarni e’tirof etdi.
Bularning dastlabkilari – O‘zbekiston davlatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, Tashkilotning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanligi, Tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston niyatining qat’iyligi bo‘lsa, uchinchi ustuvor yo‘nalish – bugungi og‘ir global iqtisodiy sharoitda eng dolzarb muammo – bu investitsiya jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, deya fikr bildirdi.
Transport koridorlaridan samarali foydalanish, kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘tkir ekologik muammolarga yechimlar topish maqsadida vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligi keyingi yo‘nalishlar sifatida keltirib o‘tildi.
Prezidentimiz o‘z nutqida millatlararo madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham o‘z takliflarini bildirdi. Qardosh xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarni ajdodlarga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr etish, bu borada “Turkiy mamlakatlar tarixi” kabi fundamental tadqiqotlarni birgalikda yaratish takliflari, shular jumlasidandir.
Nutqda keltirilgan aniq dalillar va bildirilgan takliflar turkiy davlatlar tashkiloti doirasida azaliy qardoshlikni mustahkamlash barobarida global va mintaqaviy muammolarni samarali hal etish, iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikni, ilm-fan, san’at va madaniyat sohasida hamda turkiy tilli dunyoning moddiy, ma’naviy madaniyatini asrash va yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni yuqori saviyaga ko‘tarishga ulkan hissa qo‘shadi.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti prorektori,
xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati.
O‘zA