O‘zbekiston – global kosmik maydonda: "IAC–2028" mezbonligi imkoniyati va strategik ahamiyati (+video)
Dunyo kosmik sanoatining eng yirik ilmiy-texnologik anjumanlaridan biri bo‘lgan Xalqaro astronavtika kongressi (International Astronautical Congress — IAC) 2028 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi ehtimoli mamlakat ilmiy hamda investitsion imiji uchun yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin.
Har yili 10 mingga yaqin yetakchi kosmik agentliklar, kompaniyalar va ilmiy doiralar vakillarini bir maydonga jamlaydigan bu forum, nafaqat ilmiy g‘oyalar almashinuvi, balki texnologik yutuqlar va investitsiya oqimlari uchun ham yirik platforma hisoblanadi.
Shu bois, Uzcosmos tashabbusi bilan O‘zbekiston nomzodining ilgari surilishi — strategik qadam sifatida baholanishi mumkin. Kongress doirasida ilg‘or aerokosmik texnologiyalar namoyish etiladi. Bu esa mahalliy olimlar va kompaniyalarga ularni o‘zlashtirish imkonini beradi.
IAC - oddiy ilmiy konferensiya emas. U mezbon davlatga juda ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Quyidagi tarixiy tajribalarni bunga yaqqol misol sifatida ko‘rsatishimiz mumkin: BAA (IAC–2021) – Milliy kosmik fan markazining tashkil etilishi va "Hope" missiyasining Marsga uchirilishi uchun turtki bo‘ldi.
Parij (IAC–2022) – Fransiyaning kosmik sohada yetakchi davlat maqomini mustahkamlab, xususiy sektor faolligini oshirdi. Avstraliya (IAC–2017) – kongressdan so‘ng mamlakatda kosmik agentlik tashkil etildi.
Demak, Samarqand mezbonligidagi "IAC–2028" O‘zbekiston uchun ham iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim vosita bo‘lishi mumkin.
Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger Samarqand va Toshkent shaharlarida infratuzilma, transport, xavfsizlik va mehmonxona imkoniyatlarini o‘rgandi.
Samarqandning geografik joylashuvi, tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy kongress markazlari bu forumni yuqori darajada o‘tkazishga mos sharoit yaratadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda turizm, transport va ilmiy markazlar rivojiga qaratgan e’tibori ham mezbonlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
"IAC–2028" mezbonligi tashabbusining huquqiy asosini davlatimiz rahbarining "2024—2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni tashkil etadi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/4Rrj-5E2Di8?si=fTVFfsN0l4zA0F_O" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dildora DO‘SMATOVA,
Nishonboy Abduvoitov (video)
O‘zA