O‘zbekiston – Belarus: Ta’lim sohasidagi hamkorlik kengayadi
O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi davlat rahbarlari sa’y-harakatlari bilan fan va texnologiyalar yo‘nalishidagi hamkorlik o‘zining yangi darajasiga chiqdi. Natijada IT, raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi ko‘pgina loyihalar hayotga tatbiq qilindi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida davlatimiz rahbari madaniy-gumanitar maslakdoshlik, xususan, ta’lim va turizm sohalarini isloh qilishda O‘zbekiston va Belarus hamkorligini mamlakatdagi eng tashabbuskor oliygohlarga akademik va pro-mobil dasturlar ko‘rinishida davom ettirish vazifasini qo‘ydi.
Shu jihatdan 6 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Belarus texnika universiteti va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qayd etish joizki, hamkorlik o‘z ichiga uzoq yillarga mo‘ljallangan ko‘p qirrali va manfaatli kelishuvlarni qamrab olgan. Xususan, zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar (doktorantlar va magistrantlar) uchun kunduzgi amaliyotlarni tashkil etish, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar (doktorantlar va magistrantlar) ishtirokida qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarda hammualliflikda chop etish, turli o‘quv yuklamalarni bajarish uchun talabalar almashinuvi, shu jumladan, ta’lim va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, innovatsion va ilmiy-texnikaviy sohalarda tajriba va ish natijalarini almashish, xalqaro ilmiy va boshqa turli darajadagi tashkilotlarning integratsiyalashuviga ko‘maklashish, innovatsiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish, patentlar transferini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalari va grantlarini amalga oshirish belgilangan.
Bundan tashqari, olib borilgan samarali muzokaralar natijasida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bitiruvchilari Belarusdagi “TexProm”da o‘z faoliyatlarini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning uchun ularning turar joy va parvoz uchun xarajatlari hamkor tomonidan qoplab berilishiga erishildi.

Institutda Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan bundan oldin ham qo‘shma ta’lim dasturlari tuzilgan va samarali hamkorlik o‘rnatilgan. Vitebsk davlat texnologiya universiteti bilan “Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash texnologiyasi (charm buyumlari texnologiyasi)” ta’lim yo‘nalishi, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi paytda ushbu qo‘shma ta’lim dasturi asosida institutning jami 94 nafar talabasi tahsil olmoqda.
Universitet rektori Igor Voytov institutimiz bilan yaqindan tanishish maqsadida oliy ta’lim dargohiga tashrif buyurdi.
I.Voytov bilan uchrashuvda mehnat muhofazasi va ekologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, boshqarish hamda charm va mo‘yna sanoati bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ham hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

Shuningdek, tashrif jarayonida professor Igor Voytov institut professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbat qurdi. Unda universitet talabalarining akademik salohiyati, yengil sanoat rivojida sun’iy intellektning tutgan o‘rni hamda sohadagi eng so‘nggi islohotlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
I.Voytovga o‘nga yaqin eng zamonaviy, o‘zida yapon, nemis va xitoy texnologiyalarini mujassamlashtirgan ilmiy hamda o‘quv dastgohlari tanishtirildi. Institutda yaratilgan imkoniyatlar, ilmiy-akademik salohiyat e’tirof etildi.
Martabali mehmon institutda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim sinflari hamda trikotaj mahsulotlarining to‘liq kimyoviy tarkibini tahlil qiladigan so‘nggi rusumdagi laboratoriyalar bilan tanishdi.
O‘ylaymizki, universitet bilan institutimiz hamkorligi yanada rivojlanadi.
Abdusattor ABDUG‘AFFOROV,
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti
O‘zA