O‘zbekiston – Belarus: ko‘p qirrali sheriklik mustahkamlanmoqda
Belarusning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblangan BelTA O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga tashrifini keng yoritmoqda. Jumladan, bir maqolada Bosh vazir o‘rinbosari Yuriy Shuleykoning Belarus va O‘zbekiston mintaqalari 3-forumi yalpi majlisida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtibos keltirilgan:
– Biz Belarus va O‘zbekiston hamkorligining hozirgi darajasini yuqori baholaymiz – bu o‘zaro hurmat, do‘stlik, ishonch va qo‘llab-quvvatlashning munosib namunasidir. O‘zbekiston biz uchun ishonchli do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan sherik. Bunday izchillikning asosi eng yuqori darajadagi an’anaviy, ishonchli va mazmunli muloqotdir.
Darhaqiqat, ikki davlat rahbarlari sa’y harakati bilan aloqalar iqtisodiyotning ko‘plab muhim sohalarida yuqori ko‘rsatkich qayd etmoqda. Bu holat ayniqsa oziq-ovqat, yog‘ochga ishlov berish, mashinasozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, logistika tarmoqlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, BelTA rasmiy ma’lumotga tayanib xabar berishicha, Belarus O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari yetkazib berishni 2026-yil qariyb 25 foiz oshirgan.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Aleksandr Yakovchits ta’kidlaganidek, Belarus sut va go‘sht ishlab chiqarishda keng tajribaga ega qishloq xo‘jaligi mamlakatidir.
– O‘tgan yil 9,2 million tonna sut va 1,7 million tonna go‘sht ishlab chiqardik, – deydi mulozim. – Belarus sut eksport qiluvchi yetakchi o‘n davlat qatorida turadi. Biz 69 mamlakatga turli mahsulot ko‘rinishida 6 million tonna sut sotyapmiz. Umuman, oziq-ovqat eksporti geografiyasi 117 davlatni qamrab olgan va bu jarayonda O‘zbekiston ustuvor hamkorlarimizdan biri.
Ta’kidlanishicha, joriy yil dastlabki to‘rt oyida yurtimizga ushbu davlatdan jo‘natilgan xom go‘sht 23,8 foiz, kolbasa va tayyor go‘sht mahsulotlari qariyb 2,5 barobar, parranda go‘shti 20 foiz ortgan. Sut mahsulotlari bo‘yicha ham o‘sish kuzatilgan: sariyog‘ 2,3 barobar, yog‘siz sut kukuni 4,2 karra. Pishloq va shakar eksporti ham sezilarli darajada ko‘paygan.
Mamlakatlar ushbu an’anani ikki tomonlama rivojlantirish niyatida. 26-iyun kuni Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi hamda O‘zbekistonning tegishli agentligi o‘rtasida harakatlar rejasi imzolanishi bu yo‘ldagi hal qiluvchi qadamlardan biridir.
Mamlakatimiz o‘rtasida tobora rivojlanayotgan tarmoqlardan yana biri turizm hisoblanadi. O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi ma’lumotida keltirilishicha, 2025-yil davomida 32 000 dan ziyod Belarus fuqarosi O‘zbekistonga borgan. Joriy yil ham ijobiy tendensiya davom etib, 2026-yil yanvaridan maygacha 14 251 nafarni tashkil qildi. Holbuki, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 12 988 edi.
Soha mutaxassislari fikricha, diyorimizga belaruslik sayyohlar qiziqishi ortishi mamlakatimiz sayyohlik taklifidagi ijobiy o‘zgarish bilan bog‘liq. Darhaqiqat, bu gapda jon bor. Zero, bir necha yil oldin respublikamiz asosan Buyuk Ipak yo‘li tarixiy shaharlarini o‘rganish yo‘nalishidagi manzil sifatida qabul qilingan. Endi esa sayyohlar xilma-xil ta’til imkoniyatidan foydalanmoqda.
– Madaniyat va ta’lim yo‘nalishlari qatori gastronomik, ekologik, ziyorat, tadbir va tog‘ turizmi faol rivojlanayotgani turli toifadagi sayyohlarni jalb qilish barobarida takroriy sayohatni ham rag‘batlantirmoqda, – deya ta’kidlangan elchixona bayonotida. – So‘nggi yillarda turizm hamkorligi nafaqat idoralar aro, balki sayyohlik kompaniyalari, ta’lim muassasalari va mehmondo‘stlik sanoati vakillari o‘rtasidagi aloqalar orqali ham jadal rivojlanmoqda. Tajriba ko‘rsatmoqdaki, almashinuv barqaror o‘sishi alohida loyihalar emas, balki ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanishi natijasidir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turizm sohasidagi munosabat davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, biznes faoliyati va fuqarolarning o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli hamkorligi shakllanayotgani namuna sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Davlatlarimiz sherikligida qurilish materiallari ham tobora muhim o‘rin tutmoqda.
“Bellesbumprom” konserni raisi o‘rinbosari Sergey Kasyanov Mintaqalar forumida O‘zbekistonga yog‘och ishlovi eksporti keyingi yillarda o‘n barobar oshganini ma’lum qildi.
– Biz hamkorlikni rivojlantirishga doim sodiqmiz, – deya ta’kidladi Kasyanov o‘z chiqishida.
Anjumanda mamlakatimiz tomonidan Mebel va yog‘ochga ishlov berish sanoati assotsiatsiyasi rahbariyati va yog‘ochga ishlov berish kompaniyalari xodimlari ishtirok etdi. Belarus tomonidan esa sanoat korxonalari, O‘rmon xo‘jaligi vazirligi, Universal tovar birjasi va Davlat texnologiya universiteti vakillari qatnashdi.
Tomonlar fikricha, ayni yo‘nalishda hali ishga solinmagan imkoniyat bisyor. Demak, keyingi reja mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish orqali samaradorlikni oshirish.
S.Rahimov, O‘zA