O‘zbekiston bank tizimida tarixiy burilish
Bugungi kunda jahon moliya bozorida eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bu - islomiy moliya tizimi. Ko‘pchilik bu tizimni faqat diniy qarashlar bilan bog‘lasa, aslida u adolatli sherikchilik va haqiqiy faollikga asoslangan kuchli iqtisodiy yo‘ldir. Uzoq kutilgan islohotlardan so‘ng, ushbu tizim O‘zbekiston moliya bozoriga ham rasman va qonuniy tarzda kirib keldi.
O‘zbekistonda islomiy banklar uzoq vaqt davomida huquqiy taraflama kuchli poydevor yo‘qligi sababli to‘liq shakllana olmayotgan edi. Biroq yaqinda mamlakat iqtisodiyoti uchun tarixiy voqea yuz berdi. Hozirgi kundagi faktlarga asosan, 2026-yil 27-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan "O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun imzolandi. Qonun rasman e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib (2026-yil iyun oyidan) to‘liq kuchga kiradi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston iqtisodiyoti hozirgi bosqichda faqat an’anaviy bank tizimi bilan moliya bozorining to‘liq salohiyatini ochib bera olmayapti. Zaruratning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
Birinchi navbatda aholini moliya tizimiga jalb etish. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining ko‘p qismi diniy qarashlar va qo‘shimcha foizlarning qimmatligi sababli an’anaviy banklarning foizli kreditlaridan va omonatlaridan foydalanmaydi. Islomiy banklar esa ushbu moliya tizimidan tashqarida qolayotgan yirik aholi qatlamini iqtisodiyotning faol ishtirokchisiga aylantirish uchun muhim.
Ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qo‘lida bank tizimiga kirmasdan turgan milliardlab dollar naqd pul mablag‘lari bor. Islomiy banklar esa bu pullarni halol investitsiya loyihalariga jalb qilish uchun ishonchli ko‘prik vazifasini o‘taydi. Yana bir sabab xorijiy investitsiyalarni kengaytirishdir. Dunyoda islomiy moliya aktivlari hajmi 4,5 trillion dollardan oshib ketdi. O‘zbekistonda ushbu tizimning qonuniy yo‘lga qo‘yilishi Yaqin Sharq, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar va Malayziya kabi boy arab investitsiya fondlarining mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishiga yo‘l ochadi. Bu imkoniyatlar O‘zbekiston uchun judayam katta yangilik va imkoniyatlar bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Albatta, O‘zbekiston uchun islomiy banklarning afzalliklari ko‘p. Masalan, 2008-yildagi jahon moliyaviy inqirozi davrida dunyodagi an’anaviy banklar sinayotgan bir davrda, islom banklari deyarli zarar ko‘rmagan. Chunki ular asossiz xavfli moliyaviy taraflar bilan ishlamaydi. Oddiy aholi va katta tadbirkorlar uchun afzalliklari esa, agar tadbirkor o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar masalan, tabiiy ofat yoki pandemiya sababli zarar ko‘rsa, islom banki shartnomaga ko‘ra zararning ma’lum qismini o‘z bo‘yniga oladi. An’anaviy bank esa uyingizni sotib bo‘lsa ham foizni undiradi. Bunday islomiy banklarga hozirgi kunda O‘zbekistonda ichki talab juda yuqori. Buni rasmiy so‘rovnomalar ham isbotlaydi. Faktlarga ko‘ra, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarda O‘zbekiston iqtisodiyotida aholining 68 foizi va tadbirkorlarning 60 foizi diniy e’tiqodlari (foiz, ribo sababli) an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanishni xohlamaydi yoki umuman foydalanmaydi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra esa islomiy banklarning joriy etilishi orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga 10 milliard dollargacha mablag‘lar jalb qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, markaziy bank prognozlariga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda 10 taga yaqin to‘liq islomiy bank ochilishi ko‘zda tutilmoqda.
Islomiy banklarning An’anaviy banklardan asosiy farqlari shundaki, an’anaviy bank sizga pulni qarzga beradi va ustiga foiz qo‘yadi. Ya’ni, pul ortidan pul tug‘iladi. Islomiy bankda esa pul naqd holatda berilmaydi. Bank sizga kerakli real aktivni (avtomobil, bino, uskuna) o‘zi sotib oladi va sizga ustama haq qo‘yib, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotadi. Oddiy bankda mijoz biznesida zarar ko‘rsa ham, baribir kredit foizini to‘lashga majbur. Islomiy bankda esa sherikchilik tamoyili ishlaydi: bank loyihaga sarmoya kiritadi, agar biznes foyda ko‘rsa foyda, zarar ko‘rsa zarar ham kelishilgan proporsiyada o‘rtada baham ko‘riladi.
Har bir islomiy bank tarkibida davlat nazoratidan tashqari maxsus Shariat kengashi faoliyat yuritadi. Ular bankning har bir shartnomasi va loyihasini Islom huquqi me’yorlariga mosligini tekshiradi va halol deb topilgandagina ruxsat beradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda islomiy bank tizimining qonuniy yo‘lga qo‘yilishi shunchaki diniy ehtiyoj emas, balki yirik iqtisodiy islohot hamdir. Bu O‘zbekiston uchun va uning aholisi, shuningdek iqtisodiyoti uchun ham katta foyda va qulaylikdir.
Xulosa qilib aytganda, islomiy banklarning O‘zbekistonga kirib kelishi shunchaki foizsiz kredit degani emas. Bu moliya tizimini real aktivlarga bog‘lash, tadbirkor bilan bank o‘rtasida adolatli tavakkal taqsimotini yo‘lga qo‘yish demakdir. Tizim to‘liq ishga tushgach, iqtisodiyotga milliardlab bloklangan ichki mablag‘lar oqib kira boshlaydi va bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishiga ham kuchli turtki beradi.
Visola IKROMOVA,
O‘zA