O‘zbekiston aholisi sog‘liq masalalarida sun’iy intellektga qanchalik ishonadi?
Mamlakatimiz aholisining 55 foizi sog‘liq bilan bog‘liq masalalarda sun’iy intellektdan foydalanmoqda. 35 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonliklar orasida sog‘liq masalalarida sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichi 69 foizga yetadi.
Shu bilan birga, aksariyat fuqarolar tibbiy qarorlarda sun’iy intellektni shifokorning o‘rnini bosuvchi emas, balki qo‘shimcha manba sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda “STADA Health Report 2026” xalqaro tadqiqotida ma’lum qilindi.
Tadqiqotga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 21 foizi shifokor qabulidan keyin qo‘shimcha fikr olish uchun sun’iy intellektga murojaat qiladi. 15 foiz respondent tashxisini yaxshiroq tushunish uchun undan foydalanishini aytgan.
Shu bilan birga, sun’iy intellektga nisbatan ehtiyotkorlik ham yuqori. O‘zbekistonliklarning yarmi shifokorga murojaat qilish o‘rniga sun’iy intellekt bilan maslahatlashishga hozircha tayyor emas. 47 foiz respondent esa sun’iy intellekt qo‘ygan tashxisga tibbiyot mutaxassisi tashxisi bilan bir darajada ishonishga tayyor emas.
Bugun Toshkentda “STADA Health Report 2026” xalqaro so‘rovi natijalariga bag‘ishlangan taqdimotda shu haqda atroflicha ma’lumot berildi.
Mahalliy mutaxassislar va ekspertlar, shuningdek, Qozog‘istondan ushbu soha vakillari onlayn ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar tadqiqot natijalari aholining sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchi ortib borayotganini, shu bilan birga, zamonaviy tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va qiziqish kuchayib borayotganini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

“STADA” kompaniyasi taqdim etgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 82 foizi davlat sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatidan qoniqishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilga nisbatan 13 foiz punktga yuqori. Tadqiqotda qatnashgan 20 davlat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 56 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, aholining 52 foizi davlat sog‘liqni saqlash tizimi raqamli tibbiy vositalar va xizmatlar bilan yaxshi ta’minlayotganini hisoblaydi. Bu 20 davlat bo‘yicha o‘rtacha 28 foizlik ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar yuqori.
Sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish yuqori bo‘lishiga qaramay, aholi uni yanada takomillashtirishni kutmoqda. Respondentlarning 59 foizi qishloq va yetarli darajada tibbiy xizmat bilan ta’minlanmagan hududlarda bu boradagi ishlarni ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatgan. 36 foiz birlamchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini oshirish, 35 foiz esa navbatlarni qisqartirish va tibbiyot mutaxassislari sonini ko‘paytirish zarur, deb hisoblaydi.
Tadqiqotda O‘zbekistonda profilaktik tibbiy ko‘riklarda ishtirok etish darajasi pastligi ham qayd etilgan. Aholining 48 foizi mavjud profilaktik ko‘riklarning birortasidan ham o‘tmaydi. Bu ko‘rsatkich tadqiqotdagi 20 davlat bo‘yicha o‘rtacha 33 foizdan yuqori.
Shuningdek, aholining 85 foizi o‘z sog‘lig‘ini to‘liq yoki asosan nazorat qila olishiga ishonadi.
“STADA” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Baxtiyor Hojimuhamedovning fikricha, bugun O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi jadal tarzda o‘zgarib bormoqda va bu o‘zgarishlarni odamlarning o‘zi sezayotgani ayniqsa muhim.

–Tadqiqot ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi sog‘liqni saqlash tizimining raqamli imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalardan foydalanish ham ortib bormoqda. Biroq tadqiqot mamlakatimizda inson omili hanuz muhimligini ham ko‘rsatdi: odamlar uchun shifokor, oila va yaqin kishilar avvalgidek ishonchli manba bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli, texnologiyalarning rivojlanishi sog‘liqni saqlashning an’anaviy modelidan voz kechish degani emas. Aksincha, bu tizimda yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishi demakdir. Eng muhimi, yangi texnologiyalar odamlarga o‘z sog‘lig‘iga yaxshiroq e’tibor qaratish va yanada ongli qarorlar qabul qilishda yordam berishi kerak.
Umuman, “STADA Health Report 2026” natijalari O‘zbekistonda raqamli tibbiyot va sun’iy intellektga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq tibbiy qarorlar qabul qilishda inson omili, xususan, shifokorlar va tibbiyot mutaxassislariga bo‘lgan ishonch hanuz asosiy o‘rinda, – dedi B. Hojimuhamedov.
Taqdimot doirasida mahalliy soha vakillari va sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ham mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ular tibbiyotda raqamli texnologiyalardan foydalanish xizmatlarni yanada qulaylashtirishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt shifokor o‘rnini bosmasligi, balki tibbiy qarorlarni qabul qilishda qo‘shimcha vosita sifatida xizmat qilishi muhimligi qayd etildi.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, sun’iy intellektdan samarali foydalanishda ishonchli ma’lumotlar, inson nazorati va tibbiyot mutaxassisining yakuniy qarori muhim ahamiyatga ega. Yangi texnologiyalar bemorlarning o‘z salomatligi haqida ko‘proq ma’lumot olishi va ongli qaror qabul qilishiga yordam berishi mumkin.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA