O‘zbekiston – Afg‘oniston: 2026 yilda elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi
O‘zbekistonda energetika sohasi iqtisodiy barqarorlik va mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida rivojlanib bormoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar mintaqaviy energetik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Afg‘oniston bilan hamkorlik bu jarayonda alohida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni yanada kuchaytirmoqda.
Shu ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Toshkentda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning “DABS” kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston energetika kompaniyalari rahbarlari va mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda joriy yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi hamda Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqlarida ilgari surilgan tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, Afg‘oniston xalqi farovonligi va iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan g‘oyalar ikki davlat hamkorligini yanada mustahkamlayotgani ta’kidlandi.
Muloqotda Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar qurilishi bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqildi. Loyihalarning joriy holati, texnik yechimlari, amalga oshirish muddatlari va ishlarni tezlashtirish bo‘yicha takliflar o‘rganildi. Ushbu yo‘nalishdagi amaliy qadamlar ikki davlat uchun strategik ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida 2026 yilda elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi. Mazkur hujjat energetika sohasidagi o‘zaro sheriklikni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy bosqichga o‘tganini anglatadi. Shu bilan birga, loyihalarning barqaror rivojlanishi va kelgusi yillarda energetik hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA