O‘zbekiston aeroportlarida portlovchi moddalarni aniqlovchi yangi texnologiya joriy etiladi
O‘zbekiston aeroportlarida aviatsiya xavfsizligini yanada kuchaytirish, xalqaro standartlarga muvofiq tekshiruv tizimini takomillashtirish hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam qo‘yildi.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati va amerikalik hamkorlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida mamlakatimiz xalqaro aeroportlari zamonaviy tekshiruv uskunalari bilan ta’minlanadi.
Mazkur loyiha O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi, AQSH Transport xavfsizligi ma’muriyati (TSA) hamda Eksport nazorati va chegaralar xavfsizligi dasturi (EXBS) bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha doirasida AQSH Hukumati tomonidan Uzbekistan Airports kompaniyasiga 12 ta zamonaviy LEIDOS rusumli gaz analizatori beg‘araz asosda taqdim etildi.
Ushbu uskunalar O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida joriy etiladi. Ular yuklar, pochta jo‘natmalari, bagaj hamda yo‘lovchilarning qo‘l yuklarini tekshirish jarayonida portlovchi moddalarning izlari va bug‘larini yuqori aniqlikda aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan eng so‘nggi avlod aviatsiya xavfsizligi vositalari hisoblanadi.
Yangi texnologiyalarning joriy etilishi tekshiruv jarayonlarining samaradorligini oshirish, xavflarni barvaqt aniqlash, aeroportlarda xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish hamda O‘zbekistonning aviatsiya sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uzbekistan Airports raisi o‘rinbosari, aviatsiya xavfsizligi va rejim masalalari bo‘yicha rahbar Behzod Yusupovning ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.

— Biz O‘zbekistondagi AQSH elchixonasi, EXBS dasturi rahbariyati va AQSH Transport xavfsizligi ma’muriyatiga ko‘rsatilgan ishonch va hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz, — deydi Uzbekistan Airports raisi o‘rinbosari, aviatsiya xavfsizligi va rejim masalalari bo‘yicha rahbar Behzod Yusupov. — Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish va aviatsiya xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma loyihalar mamlakatimiz aeroportlari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Kelgusida ham ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash rejalashtirilgan.
Yangi uskunalarning ishga tushirilishi mamlakatimiz aeroportlarida xavfsizlik darajasini yanada oshirish, yo‘lovchilar uchun ishonchli va xavfsiz aviatsiya muhitini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA