O‘zbek sporti yulduzlari jizzaxlik yoshlar bilan uchrashdi
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 7-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida respublika ishchi guruhi Jizzax viloyatida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi. Sportchilar, murabbiylar, aholi vakillari bilan yaqindan suhbatlashdi. Sport majmualarining holati, mavjud jihoz va inventarlar ko‘zdan kechirildi. Mashg‘ulot jarayonlarida bevosita ishtirok etdi.
Mamlakatimiz sharafini xalqaro sport maydonlarida munosib himoya qilib kelayotgan taniqli sportchilar viloyatning deyarli har bir tumani, shaharchasi, mahallalarida bo‘lib, yoshlarga mahorat darslarini o‘tadi.

Xususan, sport kurashlarida yuqori natijalarga erishgan Aktenge Keunimjayeva, Umidjon Jalolov, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, professional bokschi Isroil Madrimov, dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari sovrindori Davlat Bobonov singari professionallar tomonidan o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar sportga mehr qo‘ygan yoshlarga kuchli ruhiy quvvat bag‘ishladi.
Ishchi guruhning o‘rganishlari davomida Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yangidan qurilgan zamonaviy dzyudo zali, Arnasoy tumanida taekvondo WT bo‘yicha zamonaviy sport klubining ochilish marosimlari tashkil etildi.
Tadbirlar ko‘tarinki ruhda, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilib, ularda yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Yangi tashkil etilgan mazkur sport klubi va majmualari viloyatda olimpiya sport turlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularni professional sportga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Faoliyatini boshlagan yangi sport majmua va klublari uchun zamonaviy anjomlar, inventarlar topshirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA